Yevropa Ittifoqining oliy sudi rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlash haqidagi so‘rovni rad etdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
2022-yilning martida YeI Usmonovni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “yaqin aloqalari” uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.
Yevropa Ittifoqi tadbirkorning Ukraina bilan harbiy mojaroda Rossiya rasmiylarini qattiq qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.
Gamburg sudi Amerikaning “Forbes” jurnaliga “USM” xoldingi asoschisi Alisher Usmonov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “soxta odami” bo‘lgani va uning “biznes-muammolarini hal qilgani” haqidagi bayonotlarni tarqatishni taqiqladi.
2022-yilning 2-fevralida “Forbes” rossiyalik milliarderlar haqidagi “Ukraina sabab Bayden sanksiyalari ostida qolishi mumkin bo‘lgan Putin oligarxlari bilan tanishing” sarlavhali maqolani e’lon qilgandi, bu esa o‘tgan yilning fevral oyi oxirida Alisher Usmonovni himoya qilish bo‘yicha da’vo arizasi uchun sabab bo‘ldi.
“Forbes” maqolasida anonim ekspert “Usmonov bir necha bor Putinning soxta yuzi bo‘lib, biznes-muammolarini hal qilgan”, deya ta’kidlagan. Xususan, 2022-yilning fevralida Yevropa Ittifoqi Kengashi mazkur iqtibosdan tadbirkorga nisbatan sanksiyalar qo‘llashda foydalangan.
Alisher Usmonovning advokatlari jurnaldagi bayonotlarni yolg‘on va tuhmat deb atadi. Sud hujjatlariga ko‘ra, “Forbes” anonim manbani oshkor qilishdan bosh tortgan, shuningdek, Usmonov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning biznes-muammolarini hal qilganini isbotlay olmagan.
Alisher Usmonov Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun o‘tib Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.
Biroq, AQSh moliya vazirligi maxsus bosh litsenziyaga ega bo‘lgan rossiyalik milliarderning kompaniyalarini sanksiyalardan chiqarib tashladi.
2022-yilning iyulida Usmonov “USM” kompaniyalarining bankrot bo‘lish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum bo‘ldi. Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.
Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi. Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab YeIga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Usmonov 2023-yil avgustida Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga 2022-yil kuzida Bremen portida “Dilbar” superyaxtasida tintuv o‘tkazilgani munosabati bilan da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Biroq, sud tadbirkorning da’vosini qabul qilmadi.
Noyabr oyida Frankfurt-Mayn sudi o‘tgan yilning kuzida musodara qilingan hujjatlar va mol-mulkni “USM” xoldingi asoschisiga qaytarishni buyurdi.