“Lolazor” podkastida tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. “Spot” podkastdan asosiy parchalarni keltiradi.
Import chekloviga qarshimiz
Elektrotexnika importiga qo‘yilgan cheklovlardan “Akfa” va “Artel” kompaniyalari yutgan yoki yo‘qligi haqida.
Ko‘pchilik 2017-yildan keyin ochiqlik davri bo‘lgani va konvertatsiya ochilgani haqida aytadi, lekin hech kim 2017-yilgacha qanday yetib kelganimiz, tadbirkorlik bilan qanday shug‘ullanganimiz, shuncha xodimni saqlab qolganimiz haqida so‘rashmaydi. Biroq keyinchalik, 2017-yildan keyin nimaga bunday qilayotganimiz ko‘p so‘raldi.
Bizning kompaniya, ya’ni “Artel"ga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz har qanday import cheklovi qo‘yilishiga qarshimiz. U bizga ochiqchasiga zarar keltiradi. Biz har tomonlama hisoblaganimizda, bugungi kunda cheklangan va cheklanmagan miqdordagi mahsulotlarni hisoblasak, biz to‘layotgan soliqlar va chet eldan kirib kelayotgan mahsulotlarga to‘lanayotgan soliqlar bilan solishtirganda, bizga ham foizlar 0 qilinsa, shunda biz yutamiz.
Masalan QQS masalasini olsak, butun dunyoda bu ko‘rsatkich 12% ni tashkil etadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchi sifatida $200 lik, hajmi 197 litrlik muzlatkich ishlab chiqarsam, 12%lik QQS bo‘yicha $24 soliq to‘lashim kerak. Lekin chet davlatdan $197ga muzlatkich olib kelinsa, $15 invoys yozilyapti. Bu summaning 12%i esa $2 ni tashkil etyapti.
Men O‘zbekistonda ishlab chiqargan mahsulotimga $24 soliq to‘layapman, ammo, boshqa tadbirkor chet davlatidan shu muzlatkichni olib kelib, $2 soliq to‘lamoqda. Xo‘sh, qanday qilib u bilan raqobatlashaman?
Texnoparkka taklif
O’zbekistonga maishiy texnikalarni tayyor holatda olib kelinishi haqidagi stereotiplar to’g’risida.
Ishlab chiqarishga borib o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni taklif qilaman. U yerda temir rulondan muzlatkich ishlab chiqaraman. Bu degani hamma narsasi ichida ishlanadi, ruloni esa Rossiyadan olib kelinadi. Bunaqa lokalizatsiya hatto “Samsung” zavodining o‘zida yo‘q.
Biz bu stereotipga o‘rganib qolganmiz, bunga sabab 2015-yili “Roison” kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat boshlamoqchi bo‘lganida, tayyor mahsulot olib kelayotib, qo‘lga tushgan. Shundan so‘ng, odamlarda O‘zbekistonga tayyor mahsulotlar keltirilib yig‘iladi degan tushuncha o‘rnashib qolgan.
Iqtisodiyot vazirligidagi xodimni zavodga olib borib jarayonni ko‘rsatdim. U juda hayron qolgan va bizni tayyor qismlarni teradi deb o‘ylagan. Boshqalarga bu ishni bajarib ko‘rmagunicha hamma narsa oson ko‘rinadi. Bugun Samsung kompaniyasi kelib, sizning zavodingizda muzlatkich ishlab chiqartirib ketyaptimi, demak siz “kimdirsiz”.
Ko‘pgina yirik kompaniyalar biz ishlab chiqargan mahsulotlarni olib ketyapti. Masalan, “Ferroli” kompaniyasi kelib, ularning nomida radiator chiqarib berishimizni so‘rashadi, keyin uni Rumiya yoki Germaniyaga olib borib sotadi. U “Made in Uzbekistan” bo‘ladi, lekin “Ferroli” brendi yoziladi.
Bu yilga eksportlarim hajmini 2024-yil uchun [$]430 mln qilishni reja qilganman. Bu oddiy mehnat emas, bunga umr, ilm, aql sarflangan.
Amerikaga borib ishlamayman
Teng huquqlarga asoslangan bozor iqtisodiyotiga o‘tish haqida.
2019-yil joriy qilingan cheklovlardan biz yutqazdik. Agar shuncha sarmoya qilgan zavodim Turkiyada yoki Qozog‘istonda bo‘lganida 1,5 barobar ko‘proq daromad topgan bo‘lar edi. Faqat daromadni ortidan yugurish, bu tadbirkorlarning ishi emas.
Hamma qayerda daromad bo‘lsa tadbirkor o‘sha tarafga chopadi deb o‘ylaydi, aslida unaqa emas. Masalan, menga million bersangiz ham Amerikaga borib ishlamayman. U yerga O‘zbekistonda turib mahsulot sotishim mumkin.
GM bilan kelishuv
General Motors va O‘zbekiston o‘rtasidagi maxfiy aloqalar haqida.
Quyidagilar mening ishlab chiqaruvchi va tadbirkor sifatidagi fikrlarim: O‘zbekistonda “General Motors” (hozirda “UzAuto Motors” — Spot izohi) 1996-yilda ishga tushirilgan bo‘lsa, ungacha bizda Rossiya avtomobillaridan boshqa variantimiz yo‘q edi.
Bu kompaniya bilan davlat o‘rtasida qanday kelishuv borligini bilmayman. Balki ular 20 yilgacha bozorga boshqa avtomobil kiritmaslik shartini qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. O‘sha paytda mamlakatda investitsiya oqimi kamligi uchun O’zbekiston bu kelishuvga rozi bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Bizda maxfiy xabarlarga ruxsat yo‘q.
Paxtakor hududini xususiylashtirish haqida
“Paxtakor” futbol klubiga homiylik stadionni egallash maqsadida qilinmoqdami? Davlat aktivlarini boshqarish 17-yanvarda “Paxtakor” futbol klubi sotuvga qo‘yilganini e’lon qilgandi, lekin jamoatchilik fikrini o‘rgangach, 18-yanvarda klubni ommaviy savdoga qo‘yish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Prezident farmoni bilan O‘zbekistondagi ko‘p klublar xususiylashtirilishi kerak. Paxtakor masalasiga kelsak, uni kimningdir qo‘liga o‘tishi milliard pul kiritilganda ham futbol o‘zgarib qoladi, degani emas. Agar pul ta’sir ko‘rsata olganda bugun Saudiya Arabistoni jamoasi eng zo‘r terma jamoa bo‘lgan bo‘lar edi.
Futbolni tubdan o‘zgartirmasak futbolimiz futbol bo‘lmaydi, deb o‘ylardim. Menga hozir klubni va stadionni pulga xarid qil desa $100ga ham sotib olmayman, tekinga bersa — olaman. Uni yaxshi joy deb aytish boshqa, yaxshi joy qila olish boshqa.
Futbol federatsiyasiga taklif berdim: “mayli stadionni olishim mumkin, lekin pulga emas”. Negaki, stadion o‘ziga 70−80 mlrd, umuman olganda, 200 mlrdga yaqin pulim ketdi. Ushbu mablag‘larni qaytarib ololmaganim yetmagandek yana pulga sotib olamanmi?
Xo‘sh, nima qilishimiz kerak? Birinchidan, futbolni o‘zgartirish, ikkinchidan esa qaytadan muxlis yig‘ishimiz kerak. Yoshligim shu yeda o‘tgan, bu joy men uchun juda qadrli. Maqsadim — bu yerda xorij klublarida o‘ynadigan o‘yinchilarni yetishtirib chiqarish.
Magic City’ning sotilishi
Taxminan 2016-yil oxirida Toshkentda bitta tadbirkor “Rohat” taraflarda “Disneyland” quraman deb so‘z bergan, qurolmadi. Lekin uning o‘rniga ko‘ngilochar joy bo‘lishi, orqasida kichkina-kichkina akvaparklar va atraksionlar ham joylashishi kerak edi. Shunda biz: “shu joyni olamiz, mana shunday joyga aylantiramiz”, degan taklif bilan chiqdik. Keyin o‘zimiz undan voz kechdik mohiyati yo‘qolib qoladi, deb.
“Magic City” ko‘rsatildi, taqdimot qilindi, kichkina shaharda shunaqa odam bo‘lishi kerak, boshqa bo‘lishi kerak, deb. Va $55 mln investitsiya kiritish sharti bilan 49 yilga ijaraga berildi. Undan keyin har bir qilingan narsa mahalliy idoralar, hokimiyat bilan kelishib qo‘yiladi. Bosh plan ko‘rsatildi, rozi bo‘lishdi va qaror chiqdi. Shunga asosan, biz kerakli summani oshig‘i bilan investitsiya qildik.
To‘g‘risini aytsam, muammo ko‘p. Mingta odam keladi, tadbirlar bo‘ladi… vaqt ajratish kerak. Menda esa boshqa g‘oyalar ham bor, faqat u ["Magic City"] bilan chegaralanib qolmaganman-ku. Keyin menga og‘irlik qildi, men bunga vaqt ajrata olmayman" dedim. Shu yerda ishlab turgan, boshidan birga bo‘lgan jamoam, menejerlarim bor.
Men cho‘ponman, deb aytaman. Jamoamda 8tadan guruh qilib loyiha taqdim etaman, ular 5−6 oy Amerika, Germaniyaga borishadi, loyihani ishlashadi. [Loyihalar] tayyor turadi, tashlab qo‘yishadi, “feasibility"si yaxshi bo‘lsa amalga oshirishga harakat qilamiz, pulimizga qarab. Hozircha, hozirgi bozor konyukturasiga to‘g‘ri kelmasa tashlab qo‘yaveramiz. Bizda 200, 300, 400ta loyiha turadi. Guruh ishlaydi, muhokama qiladi, boshqaradi. Boshqargandan keyin u joy jozibador joyga aylanadi, lekin menga ortiqchalik qiladi. Boshqa loyihani qilishim kerak. Hammasi meniki bo‘lsin yoki cho‘ntagimga bo‘lsin — unaqa narsalarni yomon ko‘raman.
Keyin ularga “mana shu kompaniyani egasi bo‘l, sen ol, meni bankda kreditim bor, shu qarzimni bo‘yningga olasanmi, agar olsang 5−6 yilda, 10 yilda qutilasan, seniki bo‘lib qoladi, rozimisan?”, deyman. U oladi, natijada o‘ziniki bo‘lganidan keyin meni qo‘limda ishlaganidan ham ko‘proq ishlaydi. Men ishchi yaratmayman, ishchilarga ish beruvchilar, menejerlar yarataman. Yarataman, chiqaraman.
Lekin “Magic City"ni men kamrog‘iga, to‘g‘risi, zarariga berdim.
Magic City’ga munosabat
“Magic city"ni yomon deb yozganlar ham farzandlarini kechasi aylantirib yuribdi. Bu yilgi ma’lumot bo‘yicha u yerga 2 mln 300 ming odam tashrif buyurdi. Yoqmasa bormaydi hech kim, to‘g‘rimi? Agar loyiha to‘g‘ri bo‘lmasa, yoqmagan bo‘lsa bormaydi odamlar.
To‘g‘risini aytganda, chet elga hammaning ham imkoniyati yo‘q bolasini olib chiqishga. Uzoqdan aytolmayman, masalan, Yangi yo‘ldan kelganlar bolasining ko‘zi chaqnashini, hayotdan, ota-onasidan mamnunligini ko‘rsangiz ko‘zingizdan yosh chiqib ketadi. Men bilib turibman, uning kiyimidan yurish-turishidan, ular hali-beri farzandini chet elga olib chiqolmaydi. Biz-ku olib chiqyapmiz, lekin oddiy odamlar…
Yerlar haqida
Bog‘larning jamoatchilik qismida qurilish ishlariga munosabat.
Hamma narsa ishlab chiqarilishi, odamzod tug‘ilishi mumkin, biroq yer boshqa ishlab chiqarilmaydi. Shu dumaloq yer nechi ming kvadrat metr bo‘lsa — bo‘ldi, boshqa ishlab chiqarilmaydi. Tug‘ilish va o‘sish bor, birorta odam o‘zini shahrini tashlab boshqa shaharda turishni xohlamaydi — xorijda uyim tugul xujram yo‘q. Chet eldan bitta uy sotib olgan emasman. Topganim ham shu yerda, hamma joyda javob beraman.
Aytmoqchimanki, o‘sish, tug‘ilish bor ekan shaharlarda qurilish ham bo‘ladi. Tug’ilish qachon to’xtasa, qurilish shunda to’xtaydi. Qaysi shahar, qayer bo’lishidan qat’iy nazar.
Hokimlikdan ketish
Men prezidentdan nega meni hokim qilib qo‘ydingiz deb so‘ramaganman va nimaga meni ketkazganlariga ham shubha qilmaganman. To‘g‘risini aytaman, juda ko‘p kamchiliklarim bo‘ldi, chunki davlat idoralarida oldin umuman ishlamaganman.
Biznesdan keldim. Qo’limdan kelgancha, qandaydir mehnat qildik, harakat qildik. Prezidentdan ham uzr so‘radim. Xatolik faqat o‘sha energiya masalasida emas, boshqalarida bo‘ldi. Shu sababdan ketgan bo‘lsam kerak, lekin davlat rahbari qarorini muhokama qilmayman.