“Qanot Sharq” aviakompaniyasi Buxoro va Jidda shaharlarini havo qatnovlari orqali bog‘ladi, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

7-fevral kuni aviakompaniya samolyoti Buxoro xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi hamda yangi yo‘nalish bo‘yicha muntazam qatnovlarni boshladi.

Buxoro — Jidda — Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Biroq aviakompaniya saytida Buxorodan Jiddaga parvozlar hozircha mavjud emas.

“Qanot Sharq” bosh ofisi Toshkentda joylashgan mahalliy aviatashuvchi hisoblanadi. Aviakompaniya parkida Airbus A320, A321neo va A330 havo kemalari mavjud bo‘lib ichki va xalqaro aviatashuvlarni amalga oshiradi.

Avvalroq “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Fuqarolarni Umra safaridan qaytarish bo‘yicha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.