“Qatar Airways” 2024-yil iyun oyidan boshlab Toshkent va Doha o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda aviakompaniya rasmiy saytida ma’lum qilingan.

Ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida yo‘lovchi qatnovlari 2024-yil 2-iyundan 25-oktabrgacha (yozgi jadval) haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

“Toshkent Yevropa, Yaqin Sharq va Amerikadan sayohat qilayotgan yo‘lovchilarimizga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasiga tashrif buyurish va ushbu yo‘nalishlar taqdim etayotgan madaniy mo‘jizalardan bahramand bo‘lish imkoniyatini beradi. „Qatar Airways“ aviakompaniyasi bilan parvoz qilayotgan sayohatchilar endi mintaqaga kirish eshigi bo‘ladigan Toshkentga uchish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin va biz Markaziy Osiyoda kelajakdagi o‘sish imkoniyatlarini intiqlik bilan kutamiz”, — dedi “Qatar Airways” bosh tijorat direktori Tierri Antinori.

“Qatar Airways” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslarni amalga oshirishga ruxsatni 2021-yil sentabr oyida olgan edi.

2023-yil iyun oyida “Qatar Airways” Dohadan Toshkentga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Aviakompaniya aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha kompaniya ichki tartiblarini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgan.

Avgust oyidan boshlab O‘zbekistonning “Centrum Air” xususiy aviatashuvchisi ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar har hafta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Qatar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.

Oktabr oyida Qatar ham O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi. Bunda fuqarolar qaytish chiptasi hamda xorijga chiqish pasporti 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi sharti bilan 30 kungacha bo‘lishlari mumkin.