“Toshkent” fond birjasi a’zolarini soddalashtirilgan tartibda respublika valyuta birjasi a’zoligiga qabul qilish bo‘yicha tartib ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zRVB boshqarma boshlig‘i Jamshid Xudoyberdiyev ma’lum qildi.
O‘tgan yilning sentabrida qabul qilingan prezident qarori bilan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, birja a’zolarini savdolarda qatnashish imkoniyatini oshirish orqali investorlar bazasini kengaytirish belgilangan.
Shundan kelib chiqib, “Toshkent” respublika fond birjasi a’zolarini soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston valyuta birjasi a’zoligiga qabul qilishning yagona tartibi ishlab chiqildi. Bu ikki birja a’zolarini o‘zaro tan olgan holda amalga oshiriladi.
Mazkur tartibga muvofiq, a’zolikka qabul qilishda ikki birja o‘rtasida idoralararo elektron hujjatlar almashinuvini joriy qilish orqali yagona elektron axborotlar bazasi shakllantiriladi.
Birja a’zoligiga qabul qilish ariza asosida amalga oshirilib, bunda mazkur axborot tizimidagi mavjud ma’lumotlar tekshiriladi.
Topshirilgan hujjatlar va ma’lumotlarda kamchiliklar bo‘lmasa, O‘zRVB Ijroiya organi tomonidan talabgorni “V” toifasi bo‘yicha birja a’zoligiga olish qarori qabul qilinadi. Qaror DQQlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish va savdolarda qatnashish huquqini beradi.
Shuningdek, mazkur tartib bilan O‘zRVBga a’zolikka qabul qilishda talab qilinadigan hujjatlar soni 2 baravarga kamaytirildi, qabul qilish jarayonining mudatti esa 1 oydan 3 ish kunigacha qisqartirildi.
“Toshkent” RFB a’zosi tomonidan Tartibning talablari to‘liq bajarilganidan so‘ng, savdo tizimida qayd etiladi va unga identifikatsiya kodi beriladi.
Ikki birja a’zoligiga qabul qilish jarayonida O‘zRVBning “V” toifasi bo‘yicha a’zolari “Toshkent” RFB tomonidan uning a’zosi sifatida o‘zaro tan olinadi. Ular “Toshkent” RFBdagi birja savdolarida o‘z treyderini akkreditatsiyadan o‘tkazish va shartnoma tuzish orqali qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ikki birja a’zolarining davlat va korporativ qimmatli qog‘ozlari bilan birja savdolarida qatnashish imkoniyati kengaytirilib, xorijiy investorlarning qimmatli qog‘ozlar bozoriga jalb etilishi uchun sharoit yaratiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi to‘rtta yangi brokerlik kompaniyasini ro‘yxatga olgani haqida xabar berilgandi.