O‘zbekiston va Germaniya to‘qimachilik sanoati uchun texnologlar maktabini tashkil etadi. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha tegishli kelishuv Germaniya to‘qimachilik texnologiyalari kunlari tadbirlari doirasida imzolandi. Maktab mamlakatning “Textima Export Import” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Xususan, Germaniya texnologlar maktabi o‘zbek to‘qimachilik sanoati korxonlari texnologlarini tayyorlash va qayta tayyorlashni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, loyiha Germaniya texnologiyalarida ishlash bo‘yicha malaka va uskunalar bilan ishlashda unumdorlikni oshirishga qaratilgan.

Mazkur maktab Germaniyaning “Gesamtmasche” konfederatsiyasining O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati transformatsiyasi loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Shuningdek, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi “Textima” kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Uyushma rahbari Ilhom Haydarov Germaniya yetkazib beruvchilarining to‘qimachilik sanoati rivojiga qo‘shgan hissasi, o‘n yil ichida qayta ishlash hajmi 9 barobarga oshganini ta’kidladi.

Avvalroq Shveysariyaning “Rieter” biznes guruhi Toshkentda birinchi texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasini ochgani haqida xabar berilgandi.