O‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga turli ishlarga taklif etilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
E-9 vizasi asosida ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish-2 (mehmonxona va oshxona ishlari) sohalarida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ariza jo‘natishlari mumkin.
Arizalar qabuli 8-fevraldan boshlanib, 14-fevralgacha davom etadi. Ro‘yxatdan o‘tishda belgilangan miqdordagi ($28) to‘lovni amalga oshirish kerak.
Bunda ariza raqami bilan “O‘zmilliybank” mobil ilovasi yordamida (bank shoxobchalariga bormasdan) to‘lovni amalga oshirish mumkin. Mobil ilovani havola orqali yuklab olish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni nomzodlar soni belgilangan kvotalarga yetganidan so‘ng to‘xtatiladi. Eps-topik test imtihonida qatnashish uchun quyidagi talablar mavjud:
- O‘zbekiston fuqarosi;
- 18 yoshga to‘lgan hamda 40 yoshga to‘lmagan;
- koreys tilini bilish;
- xorijga chiqish uchun taqiq bo‘lmasligi;
- sog‘lom, yuqumli kasallikka chalinmagan;
- Koreya hududiga kirishga taqiq yo‘qligi;
- Koreyada E-9 yoki E-10 vizasi asosida 5 yildan ortiq muddatda ishlamagan;
- O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilmagan hamda sudlanmagan bo‘lish.
Ro‘yxatdan o‘tish va yuklash uchun zarur ma’lumotlar:
- telefon raqami;
- xorijga chiqish pasportining sifatli rangli elektron nusxasi (JPG formatida);
- 3,5×4,5 hajmdagi oq fonli sifatli rangli rasm (JPG formatida).
- yashash manzili (viloyat, tuman, MFY, ko‘cha va xonadon).
Ma’lumotlar “zagran” pasport bilan faqat lotin alifbosida va to‘g‘ri kiritilishi zarur.
Xato yuklangan, kiritilgan nomzod testda qatnasha olmasligi yoki testdan muvafaqqiyatli o‘tgan taqdirda ham unga viza rad etilishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 8-fevral kuni soat 09:00da boshlanadi hamda jarayon havola orqali amalga oshiriladi.
Ariza topshirish bo‘yicha videoqo‘llanma bilan bu yerda tanishish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish esa One ID orqali amalga oshiriladi.
Nomzodlar soni ishlab chiqarish sohasida 22 248 nafar, qishloq xo‘jaligi sohasida 6 858 nafar, xizmat ko‘rsatish-2 (mehmonxona va oshxona ishlari) sohasida 5 403 nafar, qurilish sohasida 2 898 nafarga yetganidan so‘ng ro‘yxatdan o‘tish to‘xtatiladi.
Batafsil ma’lumotlarni 71 202−33−55 raqamlari yoki havola orqali olish mumkin.
Avvalroq 2024-yilda 100 ming nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. yuqoridagi tanlov jarayoni mazkur dasturlar doirasida amalga oshiriladi.