2022-yilda Toshkentda idishlar va shu kabi narsalarni sindirish, bo‘lib tashlash orqali stresdan xalos bo‘lish imkonini beruvchi “Crashroom” ochildi. Mazkur “G‘azab xonasi"ga 24 yoshli Xitoy universiteti talabasi Shavkat Tojiboyev do‘stidan qarzga olgan $1000 evaziga asos solgan.
U “Spot"ga bu biznesni qanday boshlagani, inventarni qayerdan olgani hamda kiritilgan sarmoyani qanchada qoplab olgani haqida so‘zlab berdi.
1000 dollarlik biznes
Men Xitoyda joylashgan Nankin axborot texnologiyalari universitetining 4-bosqichida masofaviy tahsil olaman. Ikkinchi kursimda qo‘shimcha pul topish yo‘llarini izlay boshladim. Natijada, judayam katta boshlang‘ich kapitalni talab qilmaydigan judayam katta bo‘lmagan biznesimni ochishga qaror qilganman. G‘oya axtarayotganimda “g‘azab xonasi” konsepsiyasiga duch keldim. Bu odamlar idish-tovoq, mebellarni sindiradigan va texnikalarni bo‘laklab tashlaydigan ichdagi “bug‘ni chiqaruvchi” kichikroq bino.
Sinab ko‘rishga qaror qildim, chunki bu ko‘ngilochar hamda stressni yengillashtirishning nisbatan yangi turi edi. Qolaversa, uni yo‘lga qo‘yish ko‘p vaqt, kuch va pul talab qilmasdi.
Bungacha o‘zim ham stress chiqaruvchi bunday xonalarda bo‘lmaganman va nimadan boshlashni va barchasini qanday qilib to‘g‘ri tartibga solishni tushunish uchun mavjud “g‘azab xonalari” egalariga yozishni boshlaganman. O‘zbekistonda bunday joylar deyarli bo‘lmagani bois, “Instagram"dan Rossiyadagi bir nechta shu kabi nuqtalarni topdim va ularga xabarlar jo‘natib, ishga tushirishga oid bir nechta savollarimga javob so‘radim.
O‘shanda 5−6ta krash-xonalarini topgandim, biroq, ulardan faqat bittasigina javob berdi. Bu Ijevsk (Rossiya)dagi “g‘azab xonasi"ning asoschisi edi. U judayam ochiq, mas’uliyatli inson ekan, shu sabab ham men biznesni boshlash va raqamlashtirish bo‘yicha barcha savollarimga javob oldim. Misol uchun, u xavfsizlik qoidalari va shartlari tashrif buyuruvchilar krash-xonaga kirishdan oldin imzolaydigan hujjatda bo‘lishi kerakligini aytgan.
Bundan tashqari, u “pogrom"lardan keyin qolgan chiqindilarni metallolomga topshirish g‘oyasini taklif qildi va sotib olish uchun tovarlarni qayerdan va qanday izlash kerakligini tushuntirdi. U o‘zining “g‘azab xonasi” raqamlari va statistikasi bilan o‘rtoqlashdi, buning natijasida biz maqsadli auditoriyamizni oldindan aniqlashga muvaffaq bo‘ldik.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Ajoyib, to‘g‘rimi? Mavjud biznesi bo‘lgan odam o‘z biznesini boshlash haqidagi bilim va ma’lumotlarni mutlaqo notanish odam bilan baham ko‘radi va u chin dildan yordam berishni xohlaydi. Bu meni hayratda qoldirdi. Agar kimdir menga kelib, shunga o‘xshash biznesni ochishda yordam so‘rasa, men ham albatta yordam beraman. Ma’lum ma’lumotlarni qizg‘anish yoki yashirishning nima keragi bor.
G‘oyadan amalga oshirishgacha bir oy vaqt ketdi va “g‘azab xonasi” tayyor bo‘ldi. 2022-yilning o‘rtalarida ilk mijozlarimizni qabul qila boshladik. Start uchun menga judayam katta bo‘lmagan mablag‘, taxminan $1000 miqdorida kapital kerak edi. Bu g‘oyamni yoqtirgan do‘stim investorim bo‘ldi.
Dastavval biz bino topib, uni tartibga solishimiz kerak edi. Asosiy sharti, qo‘shnilarga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun yaxshi ovoz o‘tkazmaydigan himoya mavjudligida edi. Do‘stim mening barcha talablarimga javob beradigan binoni ijaraga berganidan judayam minnatdorman: u turar-joy binolaridan uzoqda joylashgan va uchta xonadan iborat: mehmonlar va mijozlarni kutib olish uchun xona, barcha jihozlar, idish-tovoqlar, jihozlarni saqlash uchun omborxona. “G‘azab xonasi"ning o‘zi.
Keyinchalik, biz tashrif buyuruvchilar uchun uskunalar: temir qalpoq va dubulg‘alar, qo‘lqoplar, himoya kiyimlari, plastik ko‘zoynaklar, bita va bolg‘alar, shuningdek jihozlarning o‘zi — eski jihozlar va mebellar, idish-tovoqlar va boshqalarni sotib oldik.
Ochilgandan uch oy o‘tgach, biz daromadga chiqdik. Hozir xodimlar faqat uch kishidan iborat: men, hisobchi va barcha tashkiliy masalalar — mijozlar bilan uchrashish, ko‘rsatmalar berish bilan shug‘ullanadigan ma’mur.
Menyumizda: balyoz (katta bolg‘a), bita, televizor va shkaf
“G‘azab xonasida” sindirish uchun turli instrumentlar mavjud: pichoq, bita va balyozlar har doim jangga tayyor. Qoidaga ko‘ra, barcha tashrif buyuruvchilar maxsus kiyimlar (himoya kostyumi, temir qalpoq va qo‘lqop) kiyishlari kerak — bu ularning yaxlitligi uchun zarur. Shuningdek, ular xavfsizlik qoidalarini ko‘rsatadigan shartnoma imzolaydi: krash-xonasida hamma narsani yo‘q qilish va buzish mumkin, ammo bu ular va ularning hayotiga xavf tug‘dirmasligi kerak.
Hujjatda, shuningdek, tashrif buyuruvchilarning o‘zlari xonada sodir bo‘ladigan barcha narsalar uchun javobgar ekanligi qayd etilgan. Shu paytgacha faqat ikkita baxtsiz hodisa yuz berdi. Yaxshiyamki, faqat kichik tilingan va kesilgan joylar bor edi.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Biz ko‘pincha odamlar farzandlari bilan bizga murojaat qilishlari muammosiga duch kelamiz. Birinchidan, bu xavfsiz emas. “G‘azab xonasida” narsalar parchalanib ketadi va bolalar jarohat olishlari mumkin. Bundan tashqari, bolalarga mos o‘lchamdagi kiyimlar yoki dubulg‘alar mavjud emas. Shuning uchun ham 18+ yosh chegarasi mavjud.
Shuningdek, mikroskopik bo‘laklarni “atom"ga aylantirmaslikni so‘raymiz. Ba’zilar fanatik tarzda eng kichik bo‘laklarni ham bo‘lib, yer bilan bir qilib tashlashga urinishadi.
Eski televizorlar, DVD-playerlar, idish-tovoqlarni “Yangiobod"dagi mashhur “baraxolka"dan xarid qilamiz. U yerda texnikalarning tugab qolishi holatlari bo‘lib turadi, bunda bizga “OLX” yordamga keladi, saytdan juda ko‘p qiziqarli narsalarni topishingiz mumkin. Ba’zan odamlarning o‘zlari bizga yozishadi va inventarlarini taklif qilishadi.
Masalan, shkaf, stullar, televizorlarni 50−70 ming so‘m atrofida xarid qilish mumkin. Zaxiramizda har doim texnikalar bo‘lishi kerak. Haftada 10ga yaqin televizor bo‘laklarga bo‘linadi, ya’ni hisob-kitoblarimiz bo‘yicha, kamida yana 15tasi doimo zaxirada bo‘lishi kerak. Ba’zan shunday bo‘ladiki, shkaf yoki televizor yetishmay qoladi, bu holda narsalarni almashtirish kerak, masalan, ko‘proq idish-tovoq yoki DVD bilan ta’minlaymiz.
Xonamizda navbatdagi “pogrom” va adrenalindan keyin, chiqindi va parchalarni qoplarga yig‘ib, hech kim shikastlanmasligi uchun ularni tozalab olamiz, xonaga/omborga joylashtiramiz va keyin ularni utilizatsiya qilish uchun jo‘natamiz.
Terapevtik ta’sirga ega g‘azab
Ishga kirishishdan oldin biz bir mashhur blogerni o‘z sahifasida reklama postini berishi uchun taklif qildik. U yigiti bilan keldi. Ular juda ko‘p hissiyotlar olishdi va keyin o‘z bloglarida bizning joyimizni tavsiya qilishdi, shundan so‘ng mijozlar oqimi kuzatila boshlandi.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Boshlanishiga oyiga bor-yo‘g‘i 3−4 kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, bugun esa 30 kun ichida 40−45 mehmonni kutib olishimiz barcha xarajatlarimizni qoplaydi. Biznesimizda ma’lum bir mavsumiylik bor deb ayta olmayman, lekin bayramlar va ta’tillarda mijozlarning katta oqimi bor. Tashrif buyuruvchilar esa asosan 20−30 yoshdagi insonlardir.
Bilishimcha, biz bozordagi yagona o‘yinchimiz. Ilk marotaba ish boshlaganimizda, boshqa bir krash-rum bor edi. Ammo shunda ham auditoriyamiz bir-biri bilan kesishishmasdi. Narx toifalarimiz ham turlicha edi, ya’ni bizning tariflarimiz 30−40% yuqori edi. Xonalarning tematikasi ham farqlanardi. Ochilganimizdan keyin tanishdik. Biroz vaqt o‘tgach, u faoliyat sohasini o‘zgartirgani uchun ishlashni to‘xtatdi.
Yaqinda krash-xonamizni ta’mirladik va narxlarni biroz oshirishga qaror qildik. Tariflar ishtirokchilar soni va jihozlar, idish-tovoqlar va boshqa narsalar miqdoriga qarab farqlanadi. Eng qimmat tarif “Halokat qiroli” 2,3 mln so‘m turadi, bunda uch kishi ishtirok etishi mumkin. Eng budjetli tarifimiz esa 630 ming so‘mni tashkil qiladi.
Narxlarni oshirganimdan afsuslanmayman, chunki taklifimiz O‘zbekiston bozori uchun yagona, deb o‘ylayman. O‘rtacha chekni oshirish orqali biz to‘lovga qobiliyatli auditoriyani mo‘ljalga olganmiz. Ammo bunday odamlar yuqori talablarga ega. Va ularni “g‘azab-xonasi” muhitini yaxshilash va konsepsiyani takomillashtirishga qayta sarmoya kiritish orqali erishishimiz mumkin.
Shu paytgacha odamlar biz haqimizda “sarafan radiosi” orqali bilib kelishgan. Biz “Instagram"da unchalik faol emasmiz va rostini aytsam, reklamaga unchalik ahamiyat bermadim, lekin hozir tushundimki, busiz iloj yo‘q. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlarda sahifamizni targ‘ib qiladigan SMM-mutaxassisini yolladik, “g‘azab xonasi"ni ta’mirladik va maishiy texnika sotib oldik.
Aslida, loyiha chuqur ma’noga ega: bu salbiy his-tuyg‘ulardan xalos bo‘lishga va yangilanishga yordam beradi. Plitalar va stullarni sindirish — bu shunchaki ko‘ngilochar o‘yin emas. Biz oddiy ko‘ngilochar joy toifasidan jiddiyroq narsaga o‘tmoqchimiz. Hozirgacha faqat 10% odamlar ongli ravishda bizning krash-xonamizga psixologdan so‘ng negativlardan xalos bo‘lish va stressdan qutilish uchun kelishadi. Afsuski, surunkali stress kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Va biz odamlarga tinchlantiruvchi massaj yoki yoganing muqobilini taqdim etmoqchimiz. Psixologlar bilan shu yo‘nalishda ishlayapmiz.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Misol uchun, biz mutaxassisni va bir guruh bemorlarni xonamizda seanslar o‘tkazish va barcha salbiy his-tuyg‘ulardan xalos bo‘lish uchun taklif qilishni o‘ylayapmiz. Ishonamizki, bu odamlarga ozgina bo‘lsada ruhan tinchlanishga yordam beradi. Ammo hozircha bu rivojlanish bosqichidagi g‘oya. Niyatimiz jiddiyligini tushungan va hamkorlik qilishni xohlovchi odamlarni izlayapmiz.
Rejalar
Katta rejalar tuzayotganim yo‘q, chunki bu bizning yagona va asosiy faoliyat sohamiz emas, biz faqat uni targ‘ib qilishga urg‘u bermaymiz.
“G‘azab xonasi"ga qo‘shimcha ravishda “aqlli” oyna ham sotaman, uni o‘zgaruvchan shaffof “tonirovka” deb ham atashadi. Bu o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan ko‘p qatlamli tuzilishga ega polimer material. Oqim ta’sirida ikkita yupqa plyonka o‘rtasida joylashgan suyuq kristall qatlam uning shaffofligini o‘zgartira oladi. Bu monitordagi piksellarga o‘xshaydi va ularga elektr toki qo‘llanilganda shaffof bo‘ladi. Men bunday texnologiyani birinchi marta Yaponiyada ko‘rganman. U yerda ko‘chalardagi jamoat hojatxonalarida ana shunday oynalar bo‘lardi.
Bu bozor uchun yangilik bo‘lsa-da, odamlar mazkur texnologiya bilan endigina tanishishni boshladilar. Mijozlar bazasini shakllantriyapmiz. Mazkur mahsulotni “Uzum Market"ga chiqarmoqchimiz.