6-fevral kuni Adliya vazirligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i Lex.uz saytida e’lon qilingan.
Jamiyatning mansabdor shaxslari va ta’sischilarining iqtisodiy jinoyatlarda, terrorizmni moliyalashtirishda, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasida, korrupsiyada yoki noqonuniy daromadlarni legallashtirishda ishtiroki yoki mazkur harakatlarda gumonlanayotganligi haqidagi ma’lumotlarning mavjudligi litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Ariza beruvchi kompaniyalarning rahbariyati va ta’sischilari sifatida faoliyat yurituvchi chet el fuqarolari uchun sudlanmaganligi haqidagi ma’lumotnomaga apostil qo‘yish yoki legallashtirish kerak bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek tiliga notarial tarjima qilingan nusxasi ilova qilinishi kerak.
Litsenziyalash talablari muntazam yoki qo‘pol ravishda buzilgan, soxta hujjatlardan foydalanilgan taqdirda bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi.
Mazkur talab litsenziatning muassisi yoki benefitsiari tomonidan tashkil etiladigan yangi kompaniyalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Qo‘pol qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
- yashirin mayning, anonim kripto-aktivlari bilan operatsiyalar;
- platforma yoki dasturiy kompleksni O‘zbekistondan tashqaridagi serverlarda joylashtirish;
- kredit yoki garovga olingan mablag‘lardan foydalanish;
- kripto-birja ustav kapitalini belgilangan miqdordan kamaytirish;
- terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etishda gumon qilinish, iqtisodiy jinoyatlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, korrupsiya va ITga oid hamda boshqa jinoyatlarda sudlanganligi olib tashlanmagan yoki o‘talmagan kompaniya direktori;
- offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning ustav kapitalida ishtirok etish.
Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi jarima to‘lamaganligi uchun “Binance” kriptobirjasini sudga berishi haqida xabar berilgandi.