Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, davlat boji, yig‘imlar yoki boshqa to‘lovlar to‘langanligi haqidagi hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini taqdim etish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.
Bunda fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqqanlik yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun olinadigan to‘lov hujjatlari nazarda tutilgan.
Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi arizani ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ko‘rib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytirildi.
“Advokatura to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, advokatga guvohnoma berish muddati 2 ish kuni etib belgilandi. Ilgari bu muddat 3 ish kunini tashkil etgan.
“Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan ayrim funksiyalar adliya organlaridan Davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazildi.
Xususan, DXMga advokatlik byuro va firmalarini hamda advokatlar hay’atlarini ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish), shuningdek, yuridik maslahatxonalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyalari biriktirildi.
Ularni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari kamaytirilib, advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hay’atlari ro‘yxatdan o‘tkazilganda davlat boji BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) etib belgilandi. Oldin bu miqdor BHMning 2 baravarini (680 ming so‘m) tashkil etgandi.
Bundan tashqari, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarini, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini ro‘yxatdan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ham DXMlar zimmasiga yuklatildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq fuqarolardan mansabdorlar qarorlari ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini olish bekor qilingandi. Talablarni qanoatlantirish rad etilganda davlat boji ularga mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan undiriladi.