Bozorlarda mavjud bo‘lgan “Samsung” smartfonlari baxtsiz hodisalarni aniqlash xususiyatiga ega bo‘ladi, deya xabar bermoqda “Android Police” nashri.

Nashr muallifi va IT-mutaxassisi Mishaal Rahmanning so‘zlariga ko‘ra, u “Galaxy S24” va “Galaxy Z Fold 5” operatsion tizim kodida kelajak funksiyasi izlarini topgan.

Rahmonning qayd etishicha, “Samsung” telefonlarida geolokatsiya, qurilma harakati, tovushlar va boshqa ma’lumotlarni tahlil qiluvchi maxsus sensor mavjud va ular asosida avtohalokatni avtomatik aniqlash mumkin.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “Samsung” buni o‘z qurilmalariga imkon qadar tezroq joriy qilishi kerak, chunki bu inson hayotini saqlab qolishga yordam beradi.

Biroq kompaniyaning bu funksiyani qachon ommaviy taqdim qilishi haqida ma’lumot berilmagan.

Materialda aytilishicha, hozirda “Google"ning “Pixel” va “Apple"ning “iPhone” smartfonlarida avtohalokatni aniqlash funksiyasi mavjud.

Funksiya xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lsa-da, baxtsiz hodisalarni juda muvaffaqiyatli aniqlaydi va mutaxassislardan yordam so‘raydi.


Avvalroq “Spot” “Samsung” o‘z gadjetlariga qondagi qand miqdorini nazorat qilish funksiyasini qo‘shishi haqida yozgandi.

Yangi funksiyaning taqdim qilinish vaqti e’lon qilinmadi, biroq qurilma bozorda besh yil ichida paydo bo‘lishi mumkin.