Prezidentning tegishli qarori bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent Moliya instituti va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal instituti birlashtirildi.

Iqtisod fanlari doktori, professor Teshabayev To‘lqin Zakirovich mazkur birlashtirilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlandi.

To‘lqin Teshabayev bunga qadar Toshkent moliya instituti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Avvalroq davlat rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqishni topshirgandi.

Xususan, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlari belgilanadi.

Bundan tashqari, bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40%ga qisqartirish, bu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.

2-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori lavozimida ishlab kelgan Qo‘ng‘irotboy Sharipov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimiga tayinlangandi. Bu bo‘yicha, prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.