Eksport va logistika akademiyasi logistika bo‘yicha onlayn ta’lim dasturini hamda yashil logistika modulni ishga tushirmoqda.
“Ombor logistikasi asoslari” o‘quv kursi uch haftalik o‘z-o‘zini o‘qitish dasturini o‘z ichiga olib, joriy yilning 14-fevralidan 6-martigacha davom etadi.
Kursdan maqsad joylashtirish va ombor kompleksini boshqarishning yangi texnologiyalarini joriy etish, bilimlarni qanday shakllantirishni o‘rgatish va malaka darajasini oshirishga qaratilgan. Dastur xalqaro va milliy mutaxassislar tomonidan GIZ loyihasi ko‘magida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, o‘quv dasturi ombor logistikasi bo‘yicha boshlang‘ich va amaliyotdagi menejerlarning malakasini oshirishga, ombor majmuasi, logistika va tarqatish markazlari ishini tashkil etishda nazariy va amaliy bilimlarni egallashga, saqlash jarayonlarini optimallashtirish texnologiyalarini o‘qitishga qaratilgan.
To‘liq dasturni tamomlagan ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, joriy yilning 3-iyunida o‘tkaziladigan ombor logistikasini rivojlantirish masalalariga qaratilgan sanoat mutaxassislari ishtirokidagi seminarga taklif etiladi.
Kurs dasturi quyidagi mavzularni o‘z ichiga oladi:
- ta’minot zanjirlarida omborlarning roli;
- ombor majmualarining xususiyatlari, turlari va kvalifikatsiyasi;
- tovarlarni saqlash qoidalari va talablari;
- IT texnologiyalaridan foydalangan holda logistika jarayonlarini optimallashtirish;
- WMS tizimi omborni samarali boshqarish vositasi sifatida;
- yashil logistika — ombor jarayonlarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish.
Dastur davomida ombor majmuasi va logistika markaziga ikkita tanishuv tashrifi amalga oshiriladi.
Shuningdek, xalqaro ekspert ishtirokidagi bitta onlayn ma’ruza hamda soha mutaxassislari ishtirokida ombor logistikasini rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan bitta seminar o‘tkaziladi.
Kursda ishtirok etish istagida bo‘lganlar +998 93 579 56 60, +998 95 105 77 11 telefon raqamlariga yoki info@el-academy.uz elektron pochtasiga murojaat qilishi mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq Turkiyada o‘tkaziladigan “Teknofest” texnologiyalar tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda butun dunyodan nomzodlar 46ta asosiy va 117ta quyi kategoriyalar bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin.