Endilikda IT-sohasida yutuqlarga erishgan xotin-qizlarga ham Zulfiya mukofoti beriladi.

Prezident farmoni bilan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmonga o‘zgartirish kiritildi.

Unga ko‘ra, axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli xotin-qizlar mazkur mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatishi hamda unga Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.

Bundan tashqari, mukofotni olish uchun talabgorning so‘nggi 3 yil mobaynidagi faoliyatiga oid hujjatlari taqdim etilishi mumkin bo‘ladi. Ilgari bu muddat 2 yilni tashkil etgan.

Xususan, xotin-qizlar, ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, IT kabi sohalar va jamoatchilik faoliyatidagi yutuqlariga oid hujjatlar taqdim etishadi.

Avvalroq maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Biznes va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli Kasbiy ta’lim ustasi lavozimi joriy qilinadi.