Senatning 50-yalpi majlisida tadbirkorlarga yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha imtiyozlar taqdim etishga qaratilgan qonun qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Soliq kodeksiga tadbirkorlarga yaratilgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab tegishli soliqlarni belgilangan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha to‘lanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, tadbirkorlar yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab barcha soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Biroq, qo‘shilgan qiymat, foyda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bundan mustasno.
Bunda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha quyidagicha imtiyoz taqdim etiladi:
- 51tadan 100tagacha yangi ish o‘rni uchun — 3 oygacha;
- 101tadan 200tagacha yangi ish o‘rin uchun — 6 oygacha;
- 200tadan ortiq yangi ish o‘rni uchun — 12 oygacha.
Shuningdek, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi.
Bunda qabul qilingan fuqarolar jami ishchilar sonining kamida 20%ini tashkil etishi kerak. Soliq imtiyozi quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
- 51tadan 100tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 50%i;
- 101tadan 200tagacha yangi ish o‘rni uchun — belgilangan soliq stavkasining 75%i;
- 200tadan ortiq yangi ish o‘rinlari uchun mazkur soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (1,05 mln so‘m) bir baravaridan kam bo‘lmagan ish haqini to‘lab, bandligini ta’minlashi kerak.
“Hozir juda ko‘p yoshlarimiz tadbirkorlikka qiziqib, mehnat bozoriga kirib kelyapti. Ularda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoq juda katta. Ularning mana shu imtiyozlardan xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish eng asosiy masalamiz hisoblanayapti”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. O‘tgan yilning mayida davlat rahbari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirilishi ma’lum qilgandi.
Iyunda mazkur dastur doirasida Savdo-sanoat palatasi tomonidan maxsus Telegram-bot ishlab chiqildi. Bot tadbirkorlarning ro‘yxatdan o‘tishiga yordam beradi.
Iyulga kelib hukumat tomonidan dastur ishtirokchilariga imtiyozlar qo‘llash tartibini tasdiqlandi. Unda, aynan yuqoridagi imtiyozlar haqida gap ketadi.