Avvalroq prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar berilgandi.

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, gerbli guvohnomalarda davlat gerbi va QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri mavjud bo‘lishi haqidagi talab “Oila kodeksi"da bilan belgilandi.

“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga tegishli o‘zgartirish kiritildi. Xususan, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida 16 yoshga to‘lgan fuqarolarni hisobga qo‘yish identifikatsiyalovchi ID-kartalarni berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.

Shuningdek, o‘zgartirish kiritilgan qonun hujjatlari qatorida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonuni ham bor.

Mazkur qonunda belgilangan hollarda, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qayta rasmiylashtirish uchun ariza talabgorning xohishiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan yuborilishi mumkin bo‘ldi.

Bunda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tadbirkorlarning qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi uchun asos bo‘lgan ma’lumotlarni ko‘rsatib, maxsus elektron tizim orqali vakolatli organga xabarnoma yuboradi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ orqali litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qayta rasmiylashtirishda yig‘im undirilmaydi. Ilgari bunday qoida mavjud emas edi.

Avvalroq maktablarning bo‘sh binolari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishga ajratilishi ma’lum qilingandi. Bunda binolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.