Senatning 50-yalpi majlisida mikroqarz berishning maksimal miqdorini oshirishga qaratilgan qonun qabul qilindi.
Xususan, Fuqarolik kodeksiga va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“Hayotda, biznesda har xil holatlar bo‘lishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan qarasak, Fuqarolik kodeksida nazarda tutilayotgan yangi qoidalar bank va nobank tashkilotlar, ko‘proq aholi va tadbirkorlar manfaatlarini ifodalaydi”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
Fuqarolik kodeksiga aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi qarzdorning majburiyatlarini bajarishga yetarli bo‘lmasa, qarz belgilangan tartibda undiriladi.
Bunda asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va foiz to‘lovlari mutanosib ravishda uziladi. Undan keyin esa joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik so‘ndiriladi.
Shundan so‘ng, neustoykalar (jarima, penya) va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bo‘yicha boshqa xarajatlari undiriladi.
Mazkur kodeks bilan kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda kredit bo‘yicha foizlar hamda neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.
Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga ham o‘zgartirish kiritiladi. Unga asosan, aholiga ajratiladigan mikroqarzlar miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshirilmoqda.
Fuqarolarga beriladigan mikroqarzlar miqdori oxirgi marotaba 2019-yili oshirilgandi. 2023-yilning oktabrida Markaziy bank ularning miqdorini 100 mln so‘mga oshirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Noyabrda esa prezidentning tadbirkorlik faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qarori bilan mikroqarzning eng yuqori miqdorini 100 mln so‘mgacha oshirish belgilandi.