Senatning 50-yalpi majlisida ayrim qonun hujjatlariga ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritishga qaratilgan qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan “Ijara to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Mazkur hujjat bilan ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishi bekor qilinadi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunda pensionerga hisoblangan, lekin talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddatini 12 oydan 24 oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.
Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligi, pensiyalar miqdorlarini yil davomida inflyatsiya darajasining o‘sish sur’atlaridan kelib chiqib oshirib borish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olish talabi kiritilmoqda.
“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan “Xalq banki"ga onlayn jo‘natiladigan ma’lumotlar pensiya to‘lovlarini olish uchun asos bo‘ladi
Qonun fuqarolarning onlayn davlat xizmatlarini mustaqil olishni kengaytirishga, pensiya miqdorini qayta hisob-kitob qilishda inflyatsiya darajasini hisobga olish tizimini joriy etishga, nogironligi bo‘lganlarning ijara munosabatlariga oid huquqlarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekistonda pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga — 621 ming so‘mga yetkazilgandi.
2023-yilning 1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirildi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming so‘m hamda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 50 ming so‘mni tashkil etadi.