O‘zbekiston va Rossiya gaz yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha yangi uzoq muddatli shartnoma tuzishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Rossiyaning mamlakatdagi elchisi Oleg Malginovga tayanib, “TASS” axborot agentligi xabar berdi.
“Ha, Rossiya gazi yetib keldi va bu O‘zbekiston iqtisodiyoti hamda ijtimoiy hayotini barqarorlashtirishga qo‘shilayotgan salmoqli hissadir. O‘tgan yil biroz sovuq va ayozli keldi, lekin bu yil hech qanday muammosiz o‘tdik. Hozir uzoqroq muddatga va yetkazib berishni ma’lum darajada oshirish bilan istiqbolli shartnoma tuzish bo‘yicha muhokama ketmoqda”, — deya o‘rtoqlashdi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilning dekabrida O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi tomonidan hozirda ishlab turgan 80dan ortiq loyiha aniqlangan.
Oleg Malginovning ayrim tashqi o‘yinchilar O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishiga qarshi ekanligini qayd etdi. Biroq, mamlakatning iqtisodiy birlashmaga kirish masalasi ikki tomonlama munosabatlarning kun tartibida qolmoqda.
“So‘nggi paytlarda YeOII va O‘zbekiston tuzilmalari o‘rtasida ishchi guruh faoliyat yuritib, bugungi kunda O‘zbekistonda mavjud o‘ziga xosliklarni hisobga olgan holda to‘liq qo‘shilish uchun qonunchilik, tartib va boshqa jihatlarni isloh qilish loyihasini ishlab chiqmoqda”, — dedi Rossiya elchisi.
Shuningdek, Malginov yaqin kelajakda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish jarayoni tezlashishiga umid bildirdi.
Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish 7-oktabrdan boshlangan. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha tranzit 800 mln kub metrni tashkil etishi va yil davomida 2,8 mlrd kub metr yetkazib berish kutilmoqda.
Oktabr oyi oxirida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya gaz sohasida yaqin 15 yilga hamkorlik bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishayotganini ma’lum qildi.
Yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida Rossiya kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Biroq, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz narxini konfidensiallikka tayangan holda oshkor qilmadi.