Yevropa komissiyasi Shengen vizasi uchun standart to‘lovni 12%ga oshirishni taklif qildi. Bu haqda Rossiya turoperatorlari uyushmasi (ATOR) xabar berdi.

Komissiya taklifiga ko‘ra, kattalar uchun vizaning asosiy narxi hozirgi 80 yevrodan 90 yevroga, bolalar uchun esa 40 yevrodan 45 yevrogacha oshiriladi. Bu joriy etilishi rejalashtirilgan viza to‘lovi oshirilishini bildiradi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi bilan viza rejimini buzganlik yoki noqonuniy migratsiya uchun YeI mamlakatlaridan qaytarilgan fuqarolarini qayta qabul qilish masalalarida hamkorlik qilmaydigan mamlakatlar uchun badallarni ko‘paytirish taklif qilindi.

Agar mamlakat qayta qabul qilish bo‘yicha yetarlicha hamkorlik qilmasa, uning fuqarolari uchun Shengen vizasi narxi mos ravishda 120 yevrodan (kattalar uchun) va 160 yevrodan (bolalar uchun) 135 yevro va 180 yevrogacha ko‘tariladi.

Bundan tashqari, viza to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqish tashqi xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar xizmat to‘lovi sifatida olishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdorga ta’sir qiladi.

Shunday qilib, agar vizaning bazaviy qiymati 90 yevrogachaa oshsa, xizmat haqi ham 40 dan 45 yevroga oshadi.

Biroq, Shengen vizasi muddatini uzaytirish narxi o‘zgarishsiz qoladi va 30 yevroni tashkil qiladi.

Viza to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqish, agar bunday shartnomalarda Viza kodeksida belgilangan viza yig‘imlariga aniq havola bo‘lmasa, vizani soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlar tuzilgan mamlakatlarga ta’sir qilmaydi.


Avvalroq “Spot” Eron 4-fevraldan o‘zbekistonliklar uchun viza rejimini bekor qilishi haqida yozgandi.

O‘tgan yilning dekabrida mamlakat hukumati 32ta davlat fuqarolari uchun viza tartibini bir tomonlama bekor qilishni tasdiqlagandi.