8-fevral kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentdagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, lift va eskalatorlar, nasoslar, sanoat qozonxonalari, sovitish tizimlari kabi mahsulotlar namoyish etildi.

Sanoat majmuasida umumiy qiymati $365 mlnlik 17ta ishlab chiqarish quvvati joylashtirilgan. Joriy yilda bu yerda logistika markazi ish boshlashi qayd etildi.

Mahsulotlar xorijiy brendlar ostida va ular nazoratida ishlab chiqarilmoqda hamda 10ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Prezidentlar korxonalar kooperatsiyasini, tajriba almashish va texnologiyalar transferini kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Bundan avval o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko qo‘shma bayonot qabul qilgandi. Davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjat va bitimlar imzolandi.

Bular qatorida quyidagilar mavjud:

  • 2024−2025 yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  • Mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimlarini qo‘llash to‘g‘risida bitim;
  • Raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Ilm-fan va ishlab chiqarishda hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Toshkent va Minsk shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim;
  • Energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Intellektual mulk sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • 2024−2025 yillarda sport sohasida hamkorlik dasturi;
  • 2024−2025 yillarda madaniyat va san’at sohasida hamkorlik dasturi;
  • 2024−2025 yillarda maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida hamkorlik dasturi;
  • 2024−2025 yillarda ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xarita"si;
  • 2024−2026 yillarda agrosanoat majmuida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xarita"si;
  • O‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi;
  • 2024−2025 yillarda turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida 2024-yilda O‘zbekiston va Belarus hududlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari reja-jadvali imzolandi.

O‘zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumi yakunlari bo‘yicha qiymati $1 mlrddan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangandi.

Davlat rahbarlari tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilishga kelishishdi.