Senat ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qiluvchi qonun hujjatlarini ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur Konvensiya Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 1949-yilda qabul qilingan. U ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalariga hamda ishchilar toifalariga tatbiq etiladi.
Konvensiyaga muvofiq ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda berish taqiqlanadi. Tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar ko‘rinishida to‘lash mumkin emas.
Senatorlar normalar O‘zbekiston qonunchiligiga, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdi. Uning ratifikatsiya qilinishi ishchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon beradi.
Shuningdek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Konvensiya dunyoning 99ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ular orasida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Isroil, Italiya, Fransiya va Braziliya bor.
Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 551,4 ming so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.