Turkiyaning “Warboots” kompaniyasi O‘zbekistonda xavfsizlik poyabzallarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uyushma va unga a’zo kompaniyalarning mamlakatga tashrifi davomida ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etilib, Turkiya brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarish, “Autsorsing” asosida poyabzal yetkazib berish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.

Xususan, harbiylar uchun poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Warboots” kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Loyihaning dastlabki qiymati $50 mlnni tashkil etib, birinchi bosqichda $15 mln miqdorida investitsiya yo‘naltiriladi.

Muzokarada loyiha uchun Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi kichik sanoat zonasidan yer maydonini ajratish taklif etildi. Umumiy 8 gektar maydonda amalga oshirish kutilmoqda.

Shuningdek, loyihani shakllantirish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan. Mart oyida kompaniya vakillari O‘zbekistonga kelib, yer maydoni hamda mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishadi.

Loyiha ishga tushirilgach 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi, shu bilan birga $700 mlnlik eksport amalga oshirish belgilangan.

Bundan tashqari, muzokaralarda “Gratto” brendi bilan mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarib, Italiya va MDH davlatlariga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish masalasida ko‘rib chiqildi.

Turk brendi dastlab, o‘z modellarini mahalliy korxonalarda ishlab chiqarib, keyinchalik ishlab chiqarishning bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Mamlakatning “Myfit” brendi esa “Autsorsing” asosida poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu borada o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan mahsulotlar modellarini shakllantirish, xom ashyo bilan ta’minlash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, mahalliy korxonalar Bursadagi sanoat zonalarida bo‘lib, terini qayta ishlash, brend poyabazllarni ishlab chiqarish bo‘yicha Turkiya tajribasi bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Xususan, “Magna Sport” korxonasi “Bursa Eldiven Sanayi” kompaniyasi bilan sanoat va qurilishda zarur bo‘lgan qo‘lqoplarni ishlab chiqarishga kelishishdi.

O‘tgan yili Germaniyaning “Berkemann” kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgandi.

Avvalroq Turkiyaning “Minessi A.S” kompaniyasi Sirdaryoda issiqxona barpo etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.