Savdo sanoat palatasi saytida tadbirkorlarning barqarorlik reytingi test rejimida ishga tushirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Platforma vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish jarayonida test rejimida ishlamoqda.
Reytingni to‘liq va to‘g‘ri baholanishi hamda mezonlar kesimida aniqlash metodikasi bilan 15-fevraldan ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, reyting toifasi va ballari soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabinetida ham aks etadi.
Bunda tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
- “AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
- “BBB”, “BB” va “B” toifalar — o‘rta barqarorlik reytingi;
- “CCC”, “CC” va “C” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
- “D” toifa — quyi barqarorlik reytingi.
Qayd etilishicha, mazkur reytingda past ball olgan korxonalarga jazo choralari qo‘llanilmaydi. Shu bilan birga, yuqori ball olgan tadbirkorlar rag‘batlantiriladi.
Kompaniyaning mazkur reytingdagi o‘rnini havola orqali korxona STIR raqamini kiritgan holda bilish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib, mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.
Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23ta mezon, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.