O‘tgan yilda O‘zbekistonda shaxsiy avtomobillar soni 10%dan ko‘proqqa ko‘paydi. Bu haqda statistika agentligi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Xususan, 2024-yilning 1-yanvar holatiga, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtomobillar soni 4,02 mln donani tashkil etgan.
Yengil avtomobillar soni 3,75 mln donaga (o‘sish 10,6%), yuk avtomobillari 240 ming donaga (+9,5%) yetdi. Undan keyingi o‘rinlarda esa 20 mingdan ortiq transport vositalari bilan avtobuslar, mikroavtobuslar hamda maxsus transportlar turibdi.
Oxirgi 7 yil ichida shaxsiy avtomobillar soni ikki barobarga oshdi.
2023-yilda 418 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilib, ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 27,4%ga oshdi. Eng ommabop model “Chevrolet Cobalt” bo‘ldi, mazkur avtomobil 118 ming dona (yiliga +16,1%) ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, 90 mingga yaqin avtomobil bilan “Damas” ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni joriy yilda “UzAuto Motors” ishlab chiqarishni to‘xtatgan “Lacetti-Gentra” (82,1 ming dona) egalladi.
“Tracker” ishlab chiqarish besh barobarga — 9 mingtadan 48 mingtagacha ko‘paydi.
2022-yil bilan taqqoslaganda, ommaviy ishlab chiqarilgan avtomobillar ro‘yxatiga birinchi marta “Onix” (30,6 ming dona), “KIA” (15 ming), “Chery” (9,8 ming), “Haval” (134) va “Exeed” (94) kirdi. Maxsus yengil transportlar ishlab chiqarish 22,1%ga — 25,5 mingtagacha oshdi.
O‘tgan yili O‘zbekiston Xitoy avtomobillari importini besh barobarga oshirdi. Xitoyning jami avtomobil importidagi ulushi 36,8%dan 79,3%gacha oshdi. Rossiya va Qozog‘istondan avtomobillar importi to‘xtadi.
Avvalroq O‘zbekiston elektromobil ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtagacha oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.