Joriy yilda O‘zbekistonda 1,8 mln gektar yer raqamlashtiriladi. Bu haqda prezident raisligida agrar sohadagi vazifalar va rejalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etildi.
127 ming gektarda tuproq unumdorligini oshirish va 677 ming gektar yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha yangi dastur amalga oshiriladi.
Bog‘, tokzor, sabzavot, poliz, ozuqa ekini va issiqxonadan iborat 1,8 mln gektar yerlarni ham to‘liq raqamlashtirishga topshiriq berildi.
Bu yerlarda ekinlar joylashuvi, vegetatsiya jarayoni, hosildorligi, mineral o‘g‘it sarfi “Agroplatforma"da yuritiladi.
Yig‘ilishda meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda aholiga yana 60 ming gektar yerlarni tarqatishga qaror qilindi.
Buning natijasida 1,5 mln tonna qo‘shimcha mahsulot olib, eksportni yana $200 mlnga oshirish mumkin bo‘ladi. Yoshlarni dehqonchilikka yaxshi o‘qitib, bu yerlarda band qilish muhimligi ta’kidlandi.
Chetdan olib kelinib, lizingga beriladigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi 3 yilga uzaytiriladi.
Aholiga bo‘lib berilgan yer maydonlari hamda tomorqa yerlariga sanoat va kooperatsiyani keng olib kirib, qo‘shimcha $1 mlrdlik mahsulot yetishtirish mumkinligi qayd etildi.
Buning uchun 1 trln so‘m kredit uchun resurs ajratiladi. Bu kreditlar kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish, texnika, aylanma mablag‘ uchun 100 mln so‘mgacha garovsiz, 150 mln so‘mgacha garov ta’minoti 50%ga pasaytirilgan holda beriladi.
Shuningdek, jami 10 mingta texnika fermer va dehqonlarga 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan lizingga beriladi.