Endi QQSni qaytarib berish bo‘yicha imtiyoz milliy valyutada eksport qilgan tadbirkorlarga ham tatbiq etiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Unda 25 turdagi talab eng yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarni mamlakatda ishlab chiqarishni tashkillashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Bu bo‘yicha 7 trln so‘mlik 342ta loyiha ishlab chiqilgan. Kelgusi ikki yilda 5ta xalqaro brendni jalb qilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Jahon bankidan jalb qilingan mablag‘lar evaziga yangi loyihalar uchun 18%dan kredit ajratiladi. Bunda mablag‘lar 10 yil muddatga, aylanma mablag‘ uchun 2 yilga milliy valyutada taqdim etiladi.

Mashhur brendlar buyurtmalarini mamlakat korxonalariga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi sorsing kompaniyalarni jalb qilish xarajatining 50%i qoplanadi. Bunda, har bir brendga 500 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar jalb qilish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilda mavjud loyihalar hisobidan $655 mln xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya ishtirokida $500 mlnlik yangi loyihalarni boshlash muhimligi, buning uchun esa Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish zarurligi ta’kidlandi.

Xuddi qurilish sohasidagi kabi qishloq xo‘jaligida ham ish o‘rinlari va tovar aylanmasini “soyadan” chiqarish zarurligi qayd etildi.

Endilikda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish bo‘yicha imtiyoz milliy valyutada eksport qilgan tadbirkorlarga ham tatbiq etiladi.

Avvalroq prezident eksportni qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgarishini ma’lum qilgandi. Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.