2023-yilning iyun oyida prezident farmoni bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) tashkil etilgandi.
Undan keyin, mazkur universitet faoliyatini tashkil etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilinib, universitet davlat OTM hisoblanishi belgilandi.
2024-yilning 10-fevral kuni Toshkent viloyatida mazkur universiteti ochildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bu universitet biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi va ifloslanishning uch karra sayyoraviy inqirozini hal qilishda yordam beradi. Ekologik ta’lim orqali universitet boy tabiatga ega mintaqani asrashga xizmat qiladi”, — dedi IUCN bosh direktori Gretel Agilar.
Oliygoh “Hub and Spoke” tamoyili asosida faoliyat olib borib, bu model strategik va manfaatli hamkorlikka, yaxlit o‘quv tizimini yaratishga, resurslarni optimallashtirishga qaratilgan. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashishga yordam beradi.
Universitetda ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. O‘quv jarayoni “fan — ta’lim — ishlab chiqarish” integratsiyasi tamoyili bo‘yicha kredit-modul tizimi asosida, o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
TOEFL, IELTS, CEFR, “SAT General”, “SAT Subject” kabi sertifikatlarga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball qo‘lga kiritsa, ushbu fanlar bo‘yicha imtihondan ozod qilinadi.
Davlat grantlari quyidagilarga beriladi:
- Prezident maktablarining “Baccalaureate”, “Advanced Placement”, “International Advanced Levels” xalqaro dasturlari diplomlari va sertifikatlarini olgan bitiruvchilari;
- ekologiya, matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, informatika va yer fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
- yuqori ball to‘plagan va kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan abituriyentlar va yagona ijtimoiy ta’minot reyestriga kiritilgan oila farzandlari.
Birinchi kursdan boshlab talabalar sanoat va ilmiy markazlarga biriktirilib, magistrlar “El-yurt-umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmon xo‘jaligi, yashil iqtisodiyot va gidrometeorologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar ekologiya vazirining stipendiyasini olishlari mumkin bo‘ladi.
Bakalavriatura yo‘nalishi dasturlari:
- Atrof-muhit va barqaror boshqaruv;
- Ekologiya va iqtisodiyot;
- Ekologiya va davlat boshqaruvi.
Magistratura dasturlari:
- Barqaror rivojlanish;
- Barqaror moliya;
- Atrof-muhit qonuni;
- Ekologik jurnalistika.
2024/2025 o‘quv yilida universitet “maqsadli raqam” tamoyili asosida ishlaydi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab alohida qabul mezonlari belgilanadi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash narxi 16,66 mln so‘m, magistratura bosqichi uchun 19,6 mln so‘mni tashkil etadi.
Abituriyentlarga “Green University"da o‘qishning butun davrini qamrab oluvchi bakalavriat uchun 25ta grant va magistratura uchun esa 20ta o‘rin ajratilgan.
Universitet Toshkent viloyati, Darxon ko‘chasi, Chimkent shossesi, 2-uyda joylashgan. Oliygohda yangi texnologiyalar bilan jihozlangan xonalar, kutubxona, darsdan tashqari vaqtda shug‘ullanish uchun sport zali va boshqalar mavjud.
Hamkorlik uchun universitetga Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSh kabi davlatlar xalqaro universitetlarining professorlari jalb qilinmoqda.
Avvalroq Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayta tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.