O‘zbekistondagi 5ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli litsenziyalari bekor qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, xususiy universitetlarda ta’lim jarayonini tashkil etish va litsenziya talablarining buzilganligi holatlari bo‘yicha norozilik murojaatlari kelib tushgan.

Ular asosida tekshirish natijalariga ko‘ra hozirgacha litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun 6ta xususiy universitetning tegishli litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritildi.

Shundan 5tasining tegishli litsenziyalari sud qaroriga ko‘ra bekor qilingan, 1tasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.

Sud jarayonlari to‘liq yakunlangan va litsenziyasi bekor qilingan “Valley Innovative University” hamda Urganch shahridagi Binari universitetining barcha talabalari tegishli tartibda OTMlarga ko‘chirildi. Boshqalarining ham o‘qishini ko‘chirish ishlari tashkil etilmoqda.

Vazirlik litsenziyasi bekor qilingan oliy ta’lim tashkilotlarining biron-bir talabasi ko‘chada qolmasligini ma’lum qiladi. Barcha talabalarning arizasiga asosan o‘qishi belgilangan tartibda boshqa oliygohlarga ko‘chirilishi ta’minlanadi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayev o‘zining “Telegram"dagi kanalida litsenziyasi bekor qilingan universitetlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Bular qatorida Buxorodagi Turkiston yangi innovatsiyalar universiteti, Toshkent texnologiyalar universiteti hamda Namangan xalqaro universiteti mavjud.

Avvalroq Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayta tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.