Go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida $315 mln resurs yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Mazkur mablag‘lar milliy valyutada 17%dan 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga beriladi. Shu bilan birga kreditlar chorva kompleksini tashkil qilish, qoramol olish, omuxta-yem chiqarishga ajratiladi.
Chorva xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga ham 1 trln so‘m imtiyozli kredit yo‘naltiriladi. Barcha tadbirkorlarga bu kreditlarning 18%dan oshgan qismi Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda baliq yetishtirishni ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Joriy yilda baliq yetishtirish hajmini 1 mln tonnaga yetkazish va qo‘shimcha 50 ming aholini band qilish tarmoq mas’ullarining asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi.
Daryo bo‘ylarida kamida 500ta havza tashkil qilib, kooperatsiya asosida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida baliq boqish uchun garovsiz kreditni 100 mln so‘mgacha oshirish taklif qilindi.
2023-yilning avgustida qabul qilingan prezident qarorida 2024-yildan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida baliqchilik loyihalarini amalga oshirishga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi belgilangandi.
Avvalroq Farg‘ona, Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlari hududida meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qilishga qaratilgan infratuzilmalar tashkil etilishi ma’lum qilingandi.