Avvalroq prezident raisligida agrar sohadagi vazifalar va rejalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahabri yana 70ta tumanda mineral o‘g‘it saqlash omborlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Omborlardagi o‘g‘itlar qoldig‘ini kunlik monitoring qilib, yetishmagan qismini zudlik bilan yetkazish muhimligi qayd etildi. Buning uchun fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o‘g‘it kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirishga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda o‘g‘it sifati va ustamasi bo‘yicha ayrim tumanlarda e’tirozlar bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tildi.
Prezident mutasaddilarga fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berdi. Masalan, bank yoki sug‘urta kafolati asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, tijorat krediti foizlarini pasaytirish joriy etilishi mumkin.
Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o‘g‘itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yildan fermerlar va klasterlar o‘rtasida fyuchers shartnomalari Tovar-xom ashyo birjasining paxta xomashyosi seksiyasida o‘tkaziladigan savdolar orqali tuzilishi belgilangandi.