Jahon banki tadqiqotchilar uchun “Robert S. McNamara Fellowships Program” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Mazkur dastur rivojlanish iqtisodiyoti sohasidagi yosh tadqiqotchilarga Jahon banki mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlash imkonini beradi.
Ishtirokchilar yetakchi mutaxassislar bilan aloqa o‘rnatishlari, ekonometrik ko‘nikmalarni rivojlantirishlari va yangi tadqiqot standartlari haqida ko‘proq ma’lumot olishlari mumkin.
Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- Jahon banki guruhiga kiruvchi mamlakatlar fuqarosi (O‘zbekiston bu ro‘yxatda mavjud).
- ingliz tilini yaxshi bilish;
- magistratura bosqichini tamomlagan yoki hozirda iqtisod yoxud tegishli sohada PhD darajasini o‘qiyotgan;
- 35 yoshgacha (2024-yil 30-iyun holatiga).
Quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
- CV;
- maqsad bayoni, tadqiqot qiziqishi, kasbiy maqsadlari va rivojlanish tadqiqotchisi sifatidagi malakalarini muhokama qilish;
- tavsiyanomani taqdim etuvchining aloqa ma’lumotlari (faqat saralangan nomzodlar uchun).
- boshqalar
Nomzodlar ariza materiallari, tegishli iqtisodiy usullarni bilish va kerakli statistik dasturiy ta’minotda ko‘rsatilgan ko‘nikmalarga asoslangan holda tanlab olinadi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari vakillariga ustunlik beriladi.
Dastur 8 oy — sentabrdan maygacha davom etadi hamda ishtirokchilar Vashingtonda istiqomat qilishadi. Jahon banki AQSh vizasini olishda yordam beradi.
Qabul qilingan ishtirokchilarga $46 500 miqdoridagi stipendiya beriladi hamda mablag‘lar sakkiz oy davomida bo‘lib-bo‘lib taqdim etiladi. Shuningdek, stipendiya borish-qaytish xarajatlarini qoplamaydi.
Arizalarni joriy yilning 28-fevraligacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumotlarni rsm_fellowships@worldbank.org elektron pochtasi orqali ham olish mumkin.
Avvalroq Xitoyning Elektron fanlar va texnologiyalar universiteti (UESTC) hukumat stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.