“Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayta tashkil etildi. Bunda universitetga Toshkent moliya instituti va Fiskal institut qo‘shib olindi. Bu haqda avvalroq xabar berilgandi.

Iqtisod fanlari doktori, professor Teshabayev To‘lqin Zakirovich mazkur birlashtirilgan universitet rektori etib tayinlandi. U bungacha Toshkent moliya instituti rektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Universitetning asosiy vazifalaridan biri sifatida “Ta'lim — fan — innovatsiya — raqamlashtirish” ekotizimini va sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Bunda universitet iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda metodik ta’minot bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Toshkent moliya instituti va Fiskal institutda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi. 2023−2024 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.

Universitetda 2024−2025 o‘quv yilidan bakalavriat va magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida xorijiy tillarda o‘qitiladigan guruhlar tashkil etiladi.

Ta’lim dasturlari xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 300talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturi asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi.

Avvalroq davlat rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqishni topshirgandi.

Xususan, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlari belgilanadi.

Bundan tashqari, bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40%ga qisqartirish, bu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.