Joriy yilning 20−22 fevral kunlari Samarqand shahrida “Agropro Expo-2024” xalqaro ko‘rgazmasi hamda forumi o‘tkaziladi. Bu haqda forum tashkilotchilari “Spot"ga ma’lum qildi.
Uchinchi marotaba tashkil etilayotgan ko‘rgazma “SOF EXPO Samarqand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etilib, unda ishlab chiqaruvchilar va soha mutaxassislari ishtirok etadi.
2023-yilda o‘tkazilgan ko‘rgazmada O‘zbekistonning turli hududlari va qo‘shni davlatlardan 128ta eksponent ishtirok etdi. Pavilyonlarda 6 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilar va 300dan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Unda qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalari, sug‘orish tizimlari, ko‘chat va urug‘lik namunalari, agrokimyoviy vositalar, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun jihozlar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish mahsulot va xizmatlari taqdim etildi. Uning natijasida esa qariyb $8 mlnlik dastlabki kelishuv va shartnomalar tuzildi.
Joriy yilgi forumda ham mahalliy va xalqaro ishlab chiqaruvchilar texnologiyalari bilan tanishish mumkin bo‘ladi. Bular qatorida sug‘orish tizimlari, fermerlar uchun avtomatlashtirish yechimlari, kombaynlar, traktorlar va o‘rim-yig‘im texnikasi bor.
2023-yilda boshlangan xayriya tashabbusi ham bu yili davom ettiriladi hamda uning doirasida ko‘rgazma ishtirokchilari “Yaxshilik arxitekturasi” aksiyasida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Tadbirlardan tushgan mablag‘ning bir qismi muassasalarga xayriya qilinishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yilgi ko‘rgazmada biznes muammolarini hal etish bo‘yicha kompleks yechimlarni topish uchun ishtirokchilarga banklar va lizing kompaniyalari vakillari bilan uchrashish imkoniyati taqdim etiladi.
Ko‘rgazmada 25dan ortiq tadbirlar tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik, eksport, ishlab chiqarishni rejalashtirish, bozor ssenariylari, logistika va raqamlashtirishga oid mavzular muhokama qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonning 70ta tumanida mineral o‘g‘it saqlash omborlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o‘g‘itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.