O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida vizasiz sayohat qilishning yangi qoidalari kuchga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar berdi.

2023-yilning 22-avgustida Shavkat Mirziyoyevning mamlakatga rasmiy tashrifi doirasida Bokuda tegishli hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangandi. O‘zgarishlar 15-yanvardan kuchga kirdi.

O‘zbekistonliklar Ozarbayjonga kelganidan so‘ng ruxsatnoma yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan 5 kun emas, balki 15 kungacha mamlakatda bo‘lishlari mumkin. Xuddi shunday tartib O‘zbekistondagi ozarbayjonliklarga ham amal qiladi.

Yanvar oyida Qozog‘iston parlamenti O‘zbekiston bilan 2022-yil oxirida o‘zaro kelib-ketish to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan o‘zgartirishlarni ratifikatsiya qilgandi. O‘zbekistonliklar qo‘shni mamlakatga 30 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan kirish huquqiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, 16-fevraldan BAA o‘zbekistonliklar uchun viza talablarini bekor qiladi. Fuqarolar amirlik hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.