“O‘zbekneftgaz” dizel narxini 15%ga pasaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Bahodir Siddiqov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Asosiylaridan biri — bu qishloq xo‘jaligida tannarxni kamaytirish. Tannarxni kamaytirishda asosiy xarajatlardan biri — bu dizel yoqilg‘isiga bo‘layotgan xarajat”, — dedi Bahodir Siddiqov.

“O‘zbekneftgaz"ga joriy yilda 680 ming tonna dizel yoqilg‘isining sifatini ta’minlab, arzonlashtirilgan narxlarda fermerlarga yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Kompaniya boshqaruvi raisi bu vazifani bajarib berish ta’minlanishini qayd etdi.

Xususan, 2024-yilda o‘tgan yilga nisbatan qo‘shimcha 200 ming tonna dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Dizel yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha uning miqdori jihatidan hech qanday masala bo‘lmasligi qayd etildi.

“Yana bitta topshiriq dizel yoqilg‘isini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish bo‘yicha bo‘ldi. Biz bir hafta davomida hamma hisob-kitoblarimizni yakunlab, dizelning birjaga qo‘yiladigan narxlarini 15%ga kamaytirish bo‘yicha hamma choralarni ko‘ramiz”, — dedi Bahodir Siddiqov.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi dizelning vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida yangicha tartib o‘rnatilishini qayd etdi.

Mazkur tartib orqali hududlar kesimida “O‘zbekneftgaz” markaziy apparati, neft bazalari hamda fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi yoqilg‘i quyish shoxobchalari kesimida ularning mas’uliyati belgilab beriladi.

Bundan tashqari, fermerlarga qulaylik yaratish, savol va murojaat hamda takliflarni qabul qilish maqsadida “UNG_Fermer” “Telegram” guruhi tashkil etildi. Unga havola orqali ulanish mumkin.

12-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida tannarxni kamaytirish, urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish hamda sanoat muhitini olib kirish bo‘yicha ayrim mutasaddilar va hokimlar yetarlicha ishlamayotgani tanqid qilingandi.