Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijda ishlash istagidagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda agentlik xodimlari nomidan profillar ochib, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarga pul evaziga yordam berishni va’da qilish kabi firibgarlik holatlari kuzatilmoqda. Mazkur soxta profillarga agentlik xodimlarining aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, mamlakat bo‘ylab tashkil etiladigan tanlovlarda xorijiy ish beruvchi tashkilot vakillari va fuqarolar o‘rtasidagi suhbat, nomzodlarni tanlash jarayoniga agentlik xodimlari ta’sir o‘tkazishga vakolatli emasligi qayd etilgan

Agentlik fuqarolarni bu kabi va’dalarga ishonmaslikka, faqat rasmiy axborot kanallari orqali berilayotgan agentlik ma’lumotlaridan foydalanishga chaqirmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolardan firibgarlik holatlariga duch kelganda, agentlikka yoki huquq-tartibot organlariga murojaat qilish so‘ralgan.

Shuningdek, xorijga ishga jo‘natish bo‘yicha ishlar mamlakat qonunchiligida litsenziyali faoliyat hisoblanib, havola orqali litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ro‘yxati bilan tanishish mumkin.

Avvalroq 2024-yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun ilk bor 100 ming nafar o‘zbekistonlik tanlovlarga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.