Hukumat qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi. Ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab 1 yil davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi.

Kasbiy sertifikatlash jarayoniga talabgor o‘z muddatida jalb etilishi uchun u faoliyat ko‘rsatayotgan maktab rahbari mas’ul hisoblanadi.

Talabgor nazorat sinovida qatnashish uchun so‘rovnomani davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki Yagona portalda to‘ldirib ro‘yxatdan o‘tadi.

Birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun to‘lov undirilmaydi. Nazorat sinovi har yili mart-may oylarida test shaklida o‘tkaziladi.

Shuningdek, sinovda 56 va undan yuqori ball to‘plaganlar nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi. Ularga elektron shakldagi sertifikat shaxsiy kabinet orqali yuboriladi.

Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmaganlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

2023-yilning mayida prezidentning tegishli qarori bilan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etilishi belgilangandi.

Stajor-o‘qituvchilarga kasbiy sertifikat olgunigacha oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llaniladi.


Avvalroq Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayta tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.