Hukumat tomonidan “Mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyulidan mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning turlari, muddatlari, tartibi va ma’sul organlarni o‘z ichiga olgan Yagona reyestr yuritiladi.
Shuningdek, mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish sxemasi, dolzarbligini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Yagona reyestrni yuritish bo‘yicha operator hisoblanadi. Vazirlik reyestrning yuritilishini uslubiy ta’minlaydi, davlat organlari va tashkilotlarining sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Ikki oy muddatda mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan barcha sohalardagi preferensiyalar va imtiyozlar ro‘yxati to‘liq shakllantirilishi belgilangan.
1-iyuldan Yagona reyestr Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy saytida alohida bo‘lim sifatida yo‘lga qo‘yiladi. Unda preferensiyalar va imtiyozlarni sohalar va yo‘nalishlar bo‘yicha izlash va ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
2022-yili davlat rahbari Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirgandi.
2023-yilning iyulida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etilib, investorga biriktirilishi belgilangan. Bu haqda davlat rahbari investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha videoselektorda qayd etgandi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi har bir xitoylik hamkorga loyihalar boshidan oxirigacha hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi.