Oliy Majlis Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirilishga qaratilgan qonuni loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Mazkur hujjat mamlakat banklarida sanksiyaviy komplayens tizimini tashkil etish zaruratidan kelib chiqib, uning huquqiy asoslarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.
Xususan, Markaziy bankning kredit va to‘lov tashkilotlarida iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga oid talablarni o‘rnatish va mazkur talablar bajarilmaganda chora va sanksiyalar qo‘llashga oid vakolatlar belgilanmoqda.
Kredit va to‘lov tashkilotlarining iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablari doirasida mijozlarga hisobvaraqlarni ochish va operatsiyalarni amalga oshirish huquqini belgilash maqsadida ayrim qonunlarga tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Amaldagi qonunchilikdabu kabi xatarlarni tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha me’yorlar mavjud emas. Mijozlarga hisobvaraqlar ochish va operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha banklar majburiyati ogohlantiruvchi iqtisodiy sanksiyalar ostida bo‘lganlarga to‘siqlarsiz hisobvaraqlarni ochish va ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Bu esa mazkur operatsiyalarni amalga oshirgan mahalliy banklardan tashqari, butun bank tizimidagi iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni, tadbirkorlarning transchegaraviy hisob-kitoblarida uzilishlar vujudga kelishi ehtimolini sezilarli darajada orttiradi.
Xatarlarning vujudga kelishi xorijiy korrespandent banklar bilan vakillik munosabatlarining uzilishi hamda banklarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilishi oqibatida xorijiy moliya bozorlariga kirish bo‘yicha cheklovlarning o‘rnatilishi fonida yuz berishi mumkin.
Qayd etilishicha, huquqiy asoslarni yaratish Markaziy bankka kredit va to‘lov tashkilotlarining xatarlarni boshqarish tizimlarining zaifliklarini o‘z vaqtida aniqlash, xatarlarni to‘g‘ri baholash hamda ularni minimallashtirish bo‘yicha mexanizmni shakllantirishga yordam beradi.
Qonun qabul qilinishi bilan ogohlantiruvchi iqtisodiy sanksiyalar ostida bo‘lgan shaxslarga mamlakat bank tizimidan foydalangan holda iqtisodiy sanksiyalar yurisdiksiyasi doirasida taqiqlangan faoliyatni amalga oshirishning oldini olinadi.
Bu esa bank tizimining moliyaviy barqarorligi mustahkamlanishini, xalqaro moliya institutlarining ishonchi oshishini hamda fuqaro va tadbirkorlar transchegaraviy operatsiyalarining uzliksizligini ta’minlaydi.
Avvalroq Markaziy bank bitta bank va bitta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 3ta bank va 2ta lombardga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.