Markaziy bank yanvarda bitta bank va bitta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarda 30ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 20ta masala ko‘rib chiqilib, ulardan 2tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 3tasi esa ular ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish masalasida bo‘lgan.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarini litsenziyalash, audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish kabi masalalar o‘rin olgan.
Amaldagi qonunchilik talablariga amal qilinmagani uchun 1ta bank va 1ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmaganligi sabab, 3ta bank va 2ta lombard chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Qo‘mita tomonidan banklar boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Markaziy bank joriy yilda oltinni hisobga olmaganda eksport 10−12%ga o‘sishini prognoz qilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadan tashqari asosiy savdo hamkorlari iqtisodiyoti sekinlashishi kutilmoqda.