“Spot” “Ermak” kompaniyasi bilan hamkorlikda tanlov e’lon qiladi. Unda ishtirok etib, sovg‘alarga ega bo‘ling. Tanlov shartlari videoda keltirilgan.


Ermak” kompaniyasiga asos solinganiga 30 yildan oshdi. Bugungi kunda ushbu brend ostida respublikada zavodda qayta ishlash, urug‘lar, qurt va qurutilgan mevalar ishlab chiqarildi. 2023-yilda sharbatlar sotuvi ham yo‘lga qo‘yildi.

Kompaniya asoschisi Valijon Solixov bu biznesni boshlashdagi qiyinchiliklar, birinchi foydalanilgan uskunalar bilan hozirgilarining farqi, xodimlar bilan qanday ishlash mumkinligi va bozordagi raqobatbardoshlik haqidagi fikrlarini Spot bilan o‘rtoqlashdi.

Intervyuning video versiyasi:



Biznesning yaratilishi

O‘zbekiston endi mustaqillikka erishgan davrlarda eski iqtisodiy aloqalar tugab, ishlab chiqarishda ham qator muammolar vujudga kela boshlagan edi. Mamlakatda ko‘plab mahsulotlarning yetishmasligi, qolaversa o‘zimizni yangi ishda sinab ko‘rish istagi biznega kirib kelishga turtki bo‘lgan. Ishni boshlash uchun 1992-yil oktyabr oyida ariza topshirdik, u ikki oy davomida o‘rganilib, “Zafarxon” nomidagi kichik korxona tuzishga ruxsat berildi.

Dastlab ko‘pchilik qatori savdo-sotiq bilan shug‘ullandik. Chet el davlatlaridan, misol uchun, Ukrainadan go‘sht, sariyog‘ va mebel mahsulotlari olib kelib sotdik. Ammo, asosiy yo‘nalishimiz ishlab chiqarishga qaratilgani uchun quritish sexi tuzib, unda uzum, qovun va piyoz mahsulotlarini quritib, qayta ishlashni boshlamoqchi bo‘ldik. Biroq buning uchun bizda mahsulot hajmi kamlik qildi va bu hajm bilan ko‘p narsaga erisha olmasligimizni tushunib yetdik.

O‘sha vaqtlari Toshkentga “FoodMash” nomli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi uskunalarni yaratadigan kompaniya kirib kelgandi. Shu kompaniya maslahati bilan qahva qovuradigan MKP nomli mashinani o‘sha vaqtda hozirgi hisob-kitob bilan $5000ga xarid qilganmiz. Bu mashina orqali birinchi kungaboqar pistasini qayta ishlab, o‘z faoliyatimizni yo‘lga qo‘ydik.

Birinchi foydalanilgan uskuna shu darajada qadrli bo‘lganki, u bojxona omboriga keltirilganidan so‘ng ikki oy davomida borib darvoza tuynugidan ko‘rib kelganman. Hozir esa bunga qaraganda 500 barobar katta mashinalardan foydalanmoqdamiz.

biznes, ermak

Bugungi kunda fabrikada bir kunda 10 tonnadan ko‘p mahsulotlar, jumaladan, qurt, qurtoba, yong‘oq va shinni mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

O‘zbekistonga ilk urug‘lar Qozog‘istondan keltirildi. Hozir mahalliy urug‘lar bilan ham, Xitoy urug‘lari bilan ham ishlayapmiz. Xitoy urug‘lari katta, mazali va qayta ishlash uchun ham qulay. Bizning urug‘larimiz ham yomon emas, lekin biz undan-da yaxshiroq bo‘lishini xohlaymiz. Balki yangi texnologiyalarni joriy qilsak, sifatli urug‘ga ega bo‘lib, xomashyoni o‘zimizda qayta ishlashimiz mumkin.

Qurtga keladigan bo‘lsak, ko‘pchilikda bu mahsulotning asl o‘ramiga ega emasligi sababli sanitariya talablariga javob bermaydi degan tushuncha shakllangan. Aksincha, qurt juda to‘yimli va sog‘lik uchun foydali mahsulot bo‘lib, tarkibida bifidobakteriyalar va laktobakterin mavjud.

Biz birinchilardan bo‘lib bu mahsulotni qadoqlab iste’molga chiqardik, keyin esa qurtoba — suyuq qurt mahsulotini taqdim etdik.

Yaqinda butun dunyoda mashhur bo‘lgan sharbat konsentrati — shinnini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Shu qatorda, desert pastasini yaratish g‘oyasini rejalashtirib, uni ham ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

biznes, ermak

Mahsulot sifati

Tabiiy, sog‘lom va mazali bo‘lgan hamma narsa o‘z xaridorini topishiga ishonaman, sababi iste’molchi mahsulotning yuqori sifatli, o‘zgacha ta’mga egaligi, muhimi sog‘ligi uchun mutlaqo zararsizligiga ishonch hosil qilishi kerak. Bu jarayon hissiyotlarga boydek ko‘rinishi mumkin, lekin tadbirkorda barcha g‘oyalar mahsulotga bo‘lgan muhabbatidan boshlanishi kerak.

Bizning asosiy qadriyatlarimizdan biri bu — biz tayyorlaydigan va ishlab chiqaradigan hamma narsa tabiiy tarkibdan iborat bo‘lishi lozim. Bu biroz qiyin jarayon, ya’ni bizda shakar yoki qo‘shimchalardan foydalanish mumkin emas, ammo buning natijasi har doim o‘zini oqlaydi.

Yildan-yilga to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanadigan insonlar soni ko‘payib borayotgani juda quvonarli holat, albatta. Bunday insonlar to‘lqini shakllanishiga COVID-19 davri ma’lum darajada yordam bergan.

Aksariyat shifokorlar supermarketlardagi oziq-ovqatlarni iste’mol qilishdan ko‘ra, bozordan sotib olishni maslahat berishadi, sababi ular ko‘p marotaba qayta ishlanmagan mahsulotlar hisoblanadi. Qayta ishlashdan keyin har qanday holatda ham mahsulotning sifati tushib, faqatgina uni saqlab turish holati oshishi mumkin.

Ko‘pchilik shakar singari arzon mahsulotlarni iste’mol qiladi va bu juda keng tarqalgan jarayon. Natijada arzon mahsulotlarni iste’mol qilish orqali sog‘lig‘imizga zarar yetkazamiz, bu esa oxir-oqibat o‘nlab, yuzlab marta qimmatga tushishiga sabab bo‘ladi.

Tabiiy mahsulotning narxi nisbatan qimmat bo‘lishi mumkin, ammo u har doim salomatlikni ta’minlab bera oladi.

biznes, ermak

Uch kishilik jamoa bugun 500 nafarga yetdi

Bu biznes dastlab shaxsiy kompaniya sifatida ochilgandi, biz bilan birga bir nechta hamkorlarimiz ham bo‘lgan. O‘sha davrda vaziyat ham, pul ham boshqa bo‘lgan va odamlar kreditlarni oyiga 10−20%da berishardi.

Ba’zida chet davlatlaridan olib kelgan mahsulotlarimizni sota olmaganimiz bizga qiyinchiliklar tug‘dirgan. Konvertatsiya yopilishi natijasida, biz ham bir necha o‘n minglarni yo‘qotganmiz. Birinchi joylashgan binoyimizni 33 ming ($1000) so‘m-kuponga xarid qilishimiz uchun pulning bir qismini qarzga olgan bo‘lsak, bir qismini shaxsiy hisobimdan sarflaganman.

Xodimlar. Eng boshida biz ishni uch kishi bo‘lib boshlagandik, vaqt o‘tib 50 kishi, 100 kishi va hozir umumiy 500 nafardan ko‘proq jamoamiz bor.

Aynan kompaniya imiji va obro‘yi 98% xodimlar bilan bog‘liq va ularning harakatlari, mehnatlari orqali bugun biz yanada o‘smoqdamiz. Men esa faqat ularni rag‘batlantiruvchi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi vazifasini bajaraman, xolos.

Xodimlarimiz bu kompaniyada ishlayotganliklari uchun ham moddiy jihatdan, ham ma’naviy tomondan manfaatdor bo‘lishi kerak. Kompaniyamizning qanday rejalari, orzu-istaklari bo‘lsa, jamoamizning ham shunday maqsad-istaklari bor, albatta. Biz ularni amalga oshishida asosiy qatnashchi sifatida harakat qilmoqdamiz.

Ish vaqti va maoshdan tashqari, ijodiy muhit hosil qilganmiz, sababi bu yerda bosim bo‘lsa, xodimlar qo‘rquv evaziga ishlashadi. Bosim ostidagi ishchidan esa natijaviy va kutilayotgan mahsulotni olish qiyinlashadi.

Yetkazib berish jarayonlari

Mahsulotni ishlab chiqarishning o‘zi murakkab bir jarayon bo‘lsa, uning savdosini tashkil qilish undan-da qiyin. Savdo to‘g‘ri tashkil qilinsagina kompaniya mahsulotining o‘z xaridori bo‘ladi. Buni tashkil qilish, kompaniya marketinggi va reklama qilish yo‘l-yo‘riqlari men tenggi tadbirkorlar uchun yangilik bo‘lishi tabiiy hol.

Eng boshida urug‘larni qadoqlab chiqarish g‘oyasi g‘alati tuyulgan va odamlar ham oldiniga bu jarayonni tushunishmagan. Katta o‘g‘lim diplomatiya institutini tamomlab, fabrikada bir muddat ishladi. U mahsulotlarni do‘konlargacha olib borar, kimdir ularni qabul qilsa, ko‘pchilik rad etgan holatlar ham bo‘lgan. Ba’zida: “ha, nima qilyapsan? Aqldan ozganmisiz? Do‘konda urug‘larni kim sotadi?” deyishgan. Shunday bo‘lsa-da, mahsulotlarimizning asta-sekin o‘z mijozlari paydo bo‘la boshladi, sababi ularda, E vitamini va tokoferol mavjud edi. Bu vitaminlar organizm uchun juda zarur bo‘lgan antioksidantlar sanaladi.

Mijozlarning ayrimlari bilan mahsulotlar foydasi haqida gaplashsak, boshqalarga bir qancha jihatlarini aytib o‘tdik, ayrimlarga jarayonni ham ko‘rsatib berdik. Shu tariqa, ularda ishonch paydo bo‘lib, asta-sekin ish jarayonlari ham boshlandi.

Eng boshida hamma ish bir qop mahsulotni ishlash bilan boshlangan, deyarli barcha ishni qo‘lda bajarganmiz. Mahsulotlarimiz 3 yoki 5 yil ichida brendga aylanmagan, bu darajaga yetish uchun 10−15 yil vaqtimiz ketgan.

biznes, ermak

Shuningdek, mahsulotlarning yaroqlilik muddatini uzaytirmoqchi bo‘lsak, ularni saqlashda ham qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Buning uchun qattiq mustahkamlovchi qadoqlash materiallaridan foydalanish va murakkab mashinalarni, masalan, vakuumli qadoqlash uchun kerakli vositalarni ishlatish kerak bo‘ladi.

Ba’zi mahsulotlarning yaroqlilik muddati bir yil, ammo bizda atigi 12 kun saqlanadigan mahsulotlar ham bor. Misol uchun, qurtoba faqat 10 kun davomida iste’mol qilinishi mumkin.

Eksport. Dastlab ishni AQShga qurtni eksport qilishdan boshlab, keyin pista mahsulotlariga o‘tgan bo‘lsak, hozirda har ikkala mahsulotdan jo‘natamiz. Shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Isroilga eksportni yo‘lga qo‘yib, Turkmanistonga ham yetkazib berishni boshladik.

Endigi rejamiz — Fors ko‘rfazi davlatlariga eksportni amalga oshirmoqchimiz. Barcha mahsulotlarimiz xalqaro xavfsizlik sertifikati bilan tasdiqlangan bo‘lib, jumladan, halollik sertifikatini ham olishga erishdik. Bu yuqori darajadagi sertifikat hisoblanadi va uni olganimiz bizga yanada ko‘proq ishlashga turtki bo‘ldi.

Hozirda Litva bilan muzokaralar jarayonidamiz, u yerga Boltiqbo‘yi davlatlari uchun sinov partiyasini ham yubordik. Dubay va Quvayt kompaniyalari bilan dilerlik munosabatlari tuzilgan bo‘lib, ular bilan birga Fors ko‘rfaziga shirin makaron va qurtni eksport qilmoqchimiz.

O‘tgan yili eksport hajmi $1 mlndan oshgan bo‘lsa-da, bu hali nisbatan kichik ko‘rsatkich sanaladi. Umid qilamizki, bu yil sonlar ikki baravarga balki undan-da ko‘proqqa oshadi.

30 yillik biznes iqlimi

Dastlabki 15 yil ancha og‘ir kechdi. Oxirgi besh-olti yilda esa yuqori daraja bo‘ldi. Yevropa, Turkiya, Amerika davlatlariga tez-tez sayohat qilganim uchun ko‘pgina sohalarni solishtirish imkoniyatiga egaman. Bugungi kunda mamlakatdagi qonunlar ancha erkinlashgan va konvertatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar deyarli yo‘q.

Umid qilamanki, bundan keyin ham bu jarayonlar yanada yaxshilanadi. Bizda sarmoya kiritish uchun juda katta bozor bor va bu bozorga bugun ko‘p narsalarni olib kelmoqdamiz, garchi buni o‘zimizda ham ishlab chiqarishimiz mumkin bo‘lsa-da. Hatto, ba’zi nuqtalarda biz liberallikda va faoliyatimizni cheklaydigan harakatlarda ancha oldinga chiqdik, albatta buning ham o‘z qiyinchiligi bo‘ldi. Masalan, mahsulot sifatini, uning tarkibini belgilaydigan jahon miqyosidagi litsenziyalash laboratoriyalarini tashkil etishdagi holatlar. Lekin nazarimda bu masala ham hozir hal qilinmoqda.

Kompaniya daromadi va ishlab chiqarish hajmi

Hozirgi paytda faqat yillik natijalarni sarhisob qilmoqdamiz, shu sababdan, hali aniq miqdorni bilmayman. Aytishim mumkinki, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun 80 mlrd so‘mga yaqin sarmoya kiritdik.

Kompaniya bank kreditlari va o‘z mablag‘lari hisobiga rivojlanmoqda. Hozirda yillik tovar aylanmamiz 100 mlrd so‘mlik chegarani bosib o‘tdi.

Raqobat. Oldin biz bozorning 10%dan ko‘p bo‘lmagan qismini egallagan edik, bugungi kunda esa vaziyat biroz o‘zgardi va bu ko‘rsatkich taxminan 30%ni tashkil etmoqda. Birinchidan, biz hajm jihatdan va umumiy bozordagi ulushimiz tarafdan o‘sdik, ya’ni so‘nggi olti oy ichida urug‘lar va qurt ishlab chiqarish hajmini taxminan 1,5 baravar oshirishga muvaffaq bo‘ldik.

Ikkinchidan, mahsulotlarimiz yuqori sifatga egaligi sababli, bozorning 50−70% talabini bajara olmayapmiz. Ya’ni, barcha talabgorlarga mahsulot yetkazib berish uchun hajmlarni yana bir yarim baravar oshirishimiz kerak.

biznes, ermak

Biznesdagi eng to‘g‘ri yo‘l

Bugungi kunda yoshlarni oldida ikkita yo‘l bor bo‘lib, birinchisi, biznesiga o‘zi egalik qilgan holatda ish boshlashi, ikkinchisi yuqori malakali mutaxassis bo‘lishi. Agar siz tadbirkor bo‘lsangiz, har doim o‘z ishingiz ustida yangilik qilishdan to‘xtamaysiz, aksincha mutaxassis bo‘lsangiz belgilangan vaqtda ishlab, oylik maoshingizni olasiz.

Bu ikkita yo‘lning avvalida boshlayotgan ish uchun istak-xohish bo‘lishi esa eng muhimi hisoblanadi. Mahsulot kamroq va kichkinaroq bo‘lsa ham yuqori sifatga ega bo‘lishi lozim. Yana bir eslatma, tezroq boyib ketish, ko‘p pul topish niyatidan uzoqroq bo‘lib, asosiy e’tiborni sifatli mahsulot ishlab chiqarishga qaratish kerak.

O‘zbekiston bozorida hali egallanmagan sohalar juda ko‘p va yangi ochiladigan bizneslarning ham rivojlanish ehtimoli katta.

Qiyinchiliklar. Bugungi kunda malakali texnolog, dizayner, marketolog kabi kadrlarni topish masalasi dolzarb hisoblanadi. Hozircha biz bir shaklda barcha jarayonlarni nazorat qilyapmiz, ammo kompaniya undagi mutaxassislar malakasiga qaraganda shiddat bilan o‘sib bormoqda.

Respublikada yetarli darajada tayyor, yuqori malakali kadrlar mavjud emas. Ta’lim masalasi ham tobora qiyinlashib borayotganiga qaramasdan, xodimlarimizni tayyorlashga, ingliz tilini o‘rgatishga, kurslar tashkil etishga, chet ellik mutaxassislarni taklif qilishga harakat qilyapmiz.

Ushbu muammoni iloji boricha o‘zimizning kuchimiz bilan chetlab o‘tishga harakat qilayotganimizga qaramasdan baribir malakali kadrlar yetishmasligi dolzarbligicha qolmoqda.

Rejalar. Bizda g‘oyalar juda ko‘p, bunga faqat vaqt, mablag‘ va sarmoya kerak. Hozir yong‘oq, asal, mevalardan iborat energetik “batonchik"lar ustida ishlayapmiz. Shuningdek, urug‘dan yog‘, uzum va anor urug‘idan moy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Umuman olganda, chiqindisiz mahsulot ishlab chiqarishga intilyapmiz. G‘oyalarning chek-chegarasi yo‘q. Shunchaki harakat qilish va ishlash kerak. Bu vaqt va kuchdan boshqa hech narsa talab qilmaydi.