13-fevral kuni “Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024−2025 yillarda tajriba tarzida paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni, jumladan, tuproqning gumus miqdorini oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun yerdan foydalanuvchilarga (klasterlarga) subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Subsidiyalar hajmi har bir gektar maydon uchun 1 mln so‘mni tashkil etib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Agrosubsidiya axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi.

Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70%i 2024-yilda ajratiladi.

Subsidiyaning qolgan 30%i Paxtachilik kengashining hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan o‘rtacha 10%ga oshganligi to‘g‘risidagi xulosasiga asosan 2025-yilda ajratiladi.

Shuningdek, “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tarkibiga o‘tkaziladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha komissiya tuproqdagi gumus miqdorini oshirish, xaritalarni yaratish, paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish tajribasini hududlarda keng joriy qilish bilan shug‘ullanadi.

Hujjat bilan, hukumatga bir hafta ichida paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladigan tumanlar ro‘yxatini tasdiqlash topshirildi.

Shu bilan birga, tuproqning gumus miqdori va unumdoriligini oshirish chora-tadbirlariga oid dastur hamda agrotexnik tadbirlar uchun subsidiy ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchali nizom ishla chiqiladi.

2022-yilning martida paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.

Avvalroq joriy yilgi paxta va g‘alla hosili uchun budjetdan 10 trln so‘mdan ortiq imtiyozli resurs ajratilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, prezident bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigitni olib kelish bo‘yicha topshiriq berdi.