Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni joriy yilda amalga oshirish mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi islohotlar ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yili 6ta aviakompaniya tashkil qilindi, 28ta yangi samolyot olib kelindi. Samarqand xalqaro aeroportiga “Air Samarkand” xususiy sektori jalb etildi.
“Uzbekistan Airports” va “Uzbekistan airways” kompaniyalari transformatsiyasini tezlashtirish, aeroportlar boshqaruvini xususiy sektorga berishni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Hududlarda moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, masofaviy ta’lim va tibbiyot xizmatlari rivojlanishi uchun sifatli internet muhim ta’kidlandi.
Kelgusi yetti yilda mamlakatda aholisi 300 mingdan ko‘p bo‘lgan shahar va tumanlar soni hozirgi 13tadan 28taga yetadi. Ayrim shahar va shaharchalarning bosh rejalari yo‘qligi sababli faqat eniga kengaymoqda.
Bu infratuzilma xarajatlari oshishiga va qishloq xo‘jaligi yerlari kamayishiga olib kelmoqda. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha konsepsiya va qonun ishlab chiqishga ehtiyoj borligi qayd etildi.
Biznesga qulay muhit yaratish uchun yo‘l, ichimlik suvi, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda xususiy sheriklik qoidalarini aniq belgilash zarur. Tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga bunday loyihalar dasturini ham shakllantirib borish kerakligi ta’kidlandi.
Davlatning ayrim funksiyalarini, jumladan, hududlarni obodonlashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarishni xususiy sektorga berish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligi aholini oziq-ovqat va ish bilan ta’minlashdagi o‘rnidan kelib chiqib, hosildorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish, sohaga innovatsiyalarni olib kirish bo‘yicha aniq yechimlar kerakligi qayd etildi.
Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun barqaror energiya ta’minoti zarur. Bu yil jami $50 mlrdlik 122ta yangi yirik investitsiya loyihalari boshlanadi.
Shu bilan birga, aholi soni va korxonalar ko‘payib bormoqda. Yaqin yillarda energiyaga ehtiyoj kamida 1,5 barobar oshadi. Ayrim tarmoqlarda energiya sarfi hamon yuqoriligi qayd etildi.
Davlat rahbari mazkur sohalarga oid takliflar bilan tanishib, ular bo‘yicha huquqiy asos va investorlar uchun mustahkam kafolatlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
“2024-yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning barcha jarayonlarini yakunlab, 2025-yilda milliy iqtisodiyotimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishimiz shart”, — dedi prezident.
Islohotlar jarayoniga mamlakatimizning barcha ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilib, keng qamrovli “yo‘l xaritasi” tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.