“Hududgazta'minot” avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga o‘zgartirish kiritishi mumkin. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 16−18-fevral kunlari mamlakatda havo haroratining keskin pasayishi kutilmoqda. Bunda “Hududgazta'minot” birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash choralari ko‘rilishini qayd etdi.
Shu bilan birga, kompaniya sovuq kunlarda gaz iste’molining ortishi sabab, haydovchilardan o‘z avtomobillarini yonilg‘i bilan ta’minlab olishlarini so‘ramoqda.
Bu AGTKShlarda navbatlar va noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida tavsiya etilmoqda. Hozir mamlakatdagi barcha metan “zapravka"lar 24 soatlik ish rejimida ishlayapti.
Biroq, yaqin orada mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda ularning ish jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
2023-yilning 8-dekabr kuni Energetika vazirligi barcha AGTKShlar faoliyatiga cheklov kiritilganini ma’lum qildi. Bunda ular faoliyati soat
Biroq, mamlakatning ayrim hududlarida bundan avvalroq metan “zapravka"lar faoliyatiga cheklovlar kiritilgandi. Jumladan, 4-dekabrdan Andijondagi AGTKShlar faoliyatiga cheklovlar o‘rnatilib, ularga tabiiy gazni yetkazib berish vaqti soat 06:00dan 15:00gacha qilib belgilandi.
Undan keyin, Qoraqalpog‘istonda gaz “zapravka"lar faoliyati cheklanib, hududdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida soat 06:00dan 15:00gacha amalga oshiriladi.
7-dekabrdan Surxondaryodagi zapravkalar soat 08:00dan 17:00gacha, Qashqadaryoda esa 8-dekabrdan soat 06:00dan 15:00gacha faoliyat yurita boshladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning oltita hududida metan zapravkalar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Oradan ko‘p o‘tmay mazkur “zapravka"larga qo‘yilgan cheklovlar yumshatildi.