14-fevral kuni “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.
Unga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushlari (aksiyalari) hamda davlat unitar korxonalari va muassasalari xususiylashtiriladigan davlat mulki obyektlari hisoblanadi.
Davlat mulki, to‘liq yoki qisman xususiylashtirilishi mumkin. Bundan davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirilmaydigan davlat mulki mustasno.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining boshlang‘ich narxi agentlik yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan belgilanadi. Quyidagi usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi:
- auksion;
- tanlov savdolari;
- muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish;
- raqobatga asoslangan muloqot;
- birja savdolari;
- davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini mulkiy majmua tarzida xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
- davlat ulushlarini va davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
- davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan ijaraga berish.
Xususiylashtiriladigan davlat mulki bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari, xaridor hamda balansda saqlovchi ishtirokida, shu jumladan elektron shaklda tuziladi.
Davlat muassasalarining, davlat unitar korxonalarining, xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushining oldi-sotdi shartnomasi Davaktiv agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari va xaridor o‘rtasida, jumladan, elektron shaklda tuziladi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilganidan keyin, 5 ish kuni ichida xaridorga davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona portal orqali QR-kod qo‘yilgan holda mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi beriladi.
Davlat mulkini xususiylashtirish va uning natijalari to‘g‘risidagi axborot vakolatli davlat organining yoki uning hududiy boshqarmalarining, jalb qilingan savdolar tashkilotchisining hamda investitsiya vositachisining rasmiy saytlarida e’lon qilinadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi. 2023-yilning noyabrida senatorlar mazkur qonunni ma’qullagandi.