Ruminiya hukumatining Tashqi ishlar vazirligi orqali taqdim etiladigan stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlardan nomzodlar bakalavr, magistratura va PhD darajalari uchun ishtirok etishlari mumkin.

Nomzodlar tibbiyot, stomatologiya va farmatsevtika sohalaridan tashqari barcha sohalar bo‘yicha o‘zlarining qiziqishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini tanlashlari mumkin.

Dastur asosan rumin tili va madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan. Bakalavriatura va magistratura darajalari uchun faqat rumin tilidagi dasturlar mavjud.

Biroq, PhD uchun nomzodlar ingliz tili yoki belgilangan chet tilidagi dasturni ham tanlashlari mumkin.

Rumin tilini bilmaydiganlar uchun tanlagan o‘quv dasturiga yozilishdan oldin tayyorgarlik kursi taqdim etiladi.

Qabul qilinganlarning o‘qish to‘lovi qoplab berilib, bepul yotoqxona ajratiladi. Shuningdek, darajasiga qarab, quyidagicha oylik stipendiya taqdim etiladi:

  • bakalavriatura — 65 yevro;
  • magistratura — 75 yevro;
  • PhD — 85 yevro.

Kerakli hujjatlarga diplom, transkript, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va pasport hamda CV kiradi.

Shu bilan birga, darajaga qarab, boshqa hujjatlar ham talab qilinishi mumkin. Grant uchun talab qilinadigan hujjatlar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Grantga arizalar faqat “Study in Romania” platformasi orqali qabul qilinadi.

Ularni joriy yilning 16-martigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Natijalari taxminan 15-iyulda e’lon qilinadi. Batafsil ma’lumotlar bu yerda.

Foydali havolalar:


Avvalroq Jahon banki iqtisodchilar uchun grant dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.