Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi O‘zbekistonga tezyurar poyezdlar yetkazib berishni rejalashtirmoqda, Bu haqda “BNN” xabar berdi.
Kompaniya prezidenti Li Yongba O‘zbekistonning Seuldagi elchisi Vitaliy Fen bilan harakatlanuvchi tarkib xarid qilish masalasini muhokama qildi. Tegishli rejalar prezidentning 2023-yilning oktabridagi temir yo‘l transportini isloh qilish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan.
Bo‘lajak shartnoma doirasida Koreyadan oltita poyezd yetkazib berilishi kutilmoqda. Ular transport aloqasini oshirish maqsadida Toshkentni asosiy turistik shaharlar — Samarqand, Buxoro hamda Xiva bilan bog‘laydi.
Yangi poyezdlar yo‘lovchilarga tezroq va qulayroq sayohat qilish imkonini beradi, deb kutmoqda “Hyundai Rotem”. Ular “O‘zbekistonning taraqqiyot va innovatsiyalarga bo‘lgan sadoqatini” aks ettirishi kutilmoqda.
Koreya kompaniyasi O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi islohotlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida ham kelishib oldi. Maygacha Qoraqalpog‘istonga mahalliy maktablar uchun kompyuter va smart-doskalar yetkazib berilishi belgilangan.
“Hyundai Rotem"dan 6ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd xarid qilinishi belgilangan. Loyiha doirasida Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasidan 185 mln yevro miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilinadi.
Avvalroq Oliy Majlisda samolyot va poyezd chiptalarini sotishda korrupsion holatlari qayd etilgani haqida xabar berilgandi.