16-fevral kuni Xonobod shahrida Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Asaka tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivini tashkil etib, 68ta uy qurish, Shahrixon tumanini ham “Yangi O‘zbekiston” massivlari dasturiga kiritish rejalashtirilgan.
Andijon, Asaka va Shahrixon shaharlarida urbanizatsiya dasturi amalga oshirilishi, aholisi 100 mingdan oshadigan Asaka va Shahrixon shaharlari viloyat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, ipoteka dasturi uchun Andijonga qo‘shimcha $100 mln ajratiladi.
Viloyatda transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida mutasaddilarga “Xonobod-Andijon-Izboskan-Asaka” temir yo‘l aylanmasida poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Bundan tashqari, “Andijon-Qo‘qon”, “Andijon-Toshkent”, “Andijon-Termiz” va “Andijon-Qo‘ng‘irot” yo‘nalishlarda poyezd qatnovini 2 karraga, “Andijon-Shahrixon”, “Andijon-Asaka” va “Andijon-Do‘stlik” yo‘nalishida avtobus qatnovi 2 barobarga ko‘paytiriladi.
Viloyatda 35ta transformator katta yuklama bilan ishlayotgani, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlarida elektr ta’minotidagi uzilishlar ko‘paygani sabab, Shahrixondagi podstansiyadan 23 kilometr elektr tarmog‘ini tortib, 2ta yangi podstansiya qurish topshirildi.
Xitoy kompaniyalari bilan Asakada 150 megavatt, kelasi yili 100 megavatt elektr saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan, Andijon tumanida jami quvvati 400 megavatt bo‘lgan quyosh stansiyalari qurilishi boshlanadi.
Ikki yilda 3ta kichik va mikro GES qurilishini yakunlash, hindistonlik hamkorlar bilan “Shahrixonsoy” kanalida kinetik turbinali 2ta mikro GESni ishga tushirish kerakligi ta’kidlandi.
O‘zini o‘zi band qilgan 40 ming aholining tadbirkorlikka o‘tishiga 200 mlrd so‘m resurs ajratib, ularga ko‘maklashish topshirildi.
Viloyatning 16ta tumani va shahrida kamida bittadan mikrokredit tashkilotini ochib, 30 ming aholi va tadbirkorga moliyaviy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Shahrixonda avtomobillar uchun “eko charm"dan chexol va yumshoq mebellarga qoplama ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun kichik biznes loyihalariga 330 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Andijon tumanida g‘isht va cherepitsa xomashyosi, Ulug‘norda silikat qum, Marhamatda bazalt, Buloqboshida marmar, g‘isht va cherepitsa xomashyosi hamda ohak zaxiralaridan unumli foydalanib, 20ta konni auksionga chiqarish va $150 mlnlik loyihalarni shakllantirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu loyihalar infratuzilmasiga 100 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Buloqboshida keramik plita, Marhamat va Baliqchida 2ta chinni buyumlar korxonasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Prezident Andijonda mebelchilikni drayverga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Viloyatda 2023-yilda 1 trln so‘mlik mebel ishlab chiqarilib, yarmi eksport qilindi.
Oltinko‘l tumanida 16 gektar maydonda “Mebelsozlik kompleksi” barpo etiladi. Kompleksni qurish va loyihalarga 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Andijon xitoylik investorlar bilan amalga oshirilishi belgilangan $3 mlrdlik 30dan ortiq loyihalarni boshlash uchun Andijon tumanida 218 gektarda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinadi.
Investorlarga erkin iqtisodiy zonalar uchun belgilangan barcha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Yer uchastkalarini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar bu yerdagi infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq 2026-yilgacha Andijon sanoat xabida jami qiymati $170 mlnlik 12ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.