15-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurib, dastlab “Asaka tekstil” klasterining to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi.
Klaster tizimida Andijonning Ulug‘nor va Jalaquduq tumanlari hamda Xorazmning Yangibozor tumanida 11 200 gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Shundan 2 700 gektarda tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.
Klaster tomonidan $102 mlnlik loyihalar amalga oshirilib, yillik $50 mlnlik eksport quvvati yaratilgan. Ulug‘nor tumanida 70 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash zavodi, tikuv-trikotaj va paypoq ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ularda yana 1 600dan ziyod ish o‘rni ochiladi.
Paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha viloyatda ishlab chiqarish tannarxi 15%ga qisqartiriladi, 65% qo‘shilgan qiymat yaratiladi. Dizayner va texnologlar maktabi tashkil etiladi. Nufuzli brendlar va riteylerlar jalb etilib, tarmoq korxonalari eksporti $800 mlnga yetkaziladi.
Undan keyingi manzil — “Andijon sanoat xabi”. 105 gektar maydonni egallagan ushbu sanoat hududida mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi 12ta loyiha joylashgan.
Ulardan biri bo‘lgan “Avto Spring Komponents"ning umumiy qiymati qariyb $60 mlnni tashkil etib, yiliga 18 ming tonna po‘lat detallar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korxonada Xitoy va Germaniya texnologiyalari asosida po‘lat qismlar tayyorlash loyihasi boshlangan. Metall quyuv qismi AQSh, mexanik ishlov berish qismi Xitoy kompaniyalari tomonidan loyihalashtirilgan. O‘tgan yili 4 turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida 140ta ish o‘rni yaratilgan. Shu yil may oyida avtomobillar uchun quyma qismlar tayyorlanadigan ikkinchi bosqich ishga tushiriladi.
Korxona bir vaqtning o‘zida 12 tonna metall eritish imkoniyatiga ega. Xomashyolar Asaka tumanidagi avtomobil zavodining temir chiqindilaridan olinib, qayta ishlanadi. Majmua to‘liq quvvatga chiqqanda, yiliga $27 mlnlik mahsulotlar mahalliylashtiriladi.
Joriy yilda umumiy qiymati $156 mlnlik 10ta loyiha ishga tushirilib, 2 ming kishining bandligi ta’minlanadi. 2025-yilda umumiy qiymati $14 mlnlik 2ta loyihani amalga oshirib, yana 400ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari “Andijon sanoat xabi"da viloyatda ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Bunda yiliga 300 mlrd so‘mlik mahsulotlar tayyorlanib, mintaqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Andijon va Oltinko‘l tumanlarida ixtisoslashgan 2ta sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Prezident Andijonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda jami $1,7 mlrdlik 26ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Bular qatorida enegretika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va infratuzilma kabi sohalar bor.
Loyihalar qatorida esa mini gidro elektr stansiyalar, uy-joy va ko‘ngilochar maskanlar qurish, elektrobuslar va ular uchun akkumulatorlar, keramogranit va beton panellar, dori vositalari ishlab chiqarish, gilos va rezavor mevalar yetishtirish kabi loyihalar mavjud.
Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi markaziy qozonxonani borib ko‘rdi. Imtiyozli xorijiy kredit evaziga rekonstruksiya qilinib, Xitoyda ishlab chiqarilgan 3ta energiya tejamkor qozonlar o‘rnatilgan.
28 kilometr issiqlik quvurlari yotqizilib, 373 dona individual issiqlik punktlari tashkil etilgan. Shuningdek, 2 ming kilovatt quvvatli transformator o‘rnatilib, yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i tortilgan.
Natijada shahardagi 271ta ko‘p qavatli uy va 30ta ijtimoiy obyekt markazlashgan issiq suv va issiqlik ta’minotiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, bir yilda 16 mln metr kub tabiiy gaz, 2 mln kilovattdan ziyod elektr energiyasi tejab qolinadi.
Andijon shahridagi yana 5ta qozonxonani rekonstruksiya qilish, 33 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurish va 114ta ko‘p qavatli uyning ichki isitish tizimlarini yangilash rejalashtirilgan.
Davlat rahbari bu loyihalarni tezlashtirib, aholini barqaror issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq “140ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish va “sanoat ipotekasi” tizimini joriy qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilingandi.